O’zbekiston – Singapur: hamkorlikning yangi istiqbollari

19.01.2023, 12:45

O’zbekiston – Singapur: hamkorlikning yangi istiqbollari

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar. Unda O’zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Singapurning turli sohalarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasi O’zbekistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois tomonlar eng dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Ta’lim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menejment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani bunga yorqin misoldir.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi ikki tomon uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O’zbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Prezidentlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Shavkat Mirziyov Halima Yaqubni mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.

So‘ng davlatimiz rahbari Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.

Shavkat Mirziyoyev Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchisi – inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash.

Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Shuningdek, O’zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.

Ikkinchi yo‘nalish Singapurni O’zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan.

Shu ma’noda, muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari ilg‘or tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda O’zbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish dorasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tuzish taklif qilindi.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi.

Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” rivojlanish bo‘yicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

To‘rtinchisi – shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish.

Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.

O’zbekistonda infratuzilma va tarmoq loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma Loyihalashtirish va injiring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv bu boradagi birinchi qadam bo‘ldi.

Beshinchisi – Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro savdoni kengaytirish.

Shunindek, ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O’zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi doirasida Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O’zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat imzolandi.

Xususan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ikki tomonlama aloqalarni samarali kengaytirish va mustahkamlash uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini namoyon etdi. Hamkorlikni mustahkamlashdan har ikki tomon ham manfaatdor. Tashrif doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’atlarini oshirishga poydevor yaratildi.

So‘ngi yillarda O’zbekistonda iqtisodiy sohada tub o‘zgarishlar ro‘y bergani Singapurning O’zbekistonga e’tibori ortib, yaqin aloqalar o‘rnatilishida muhim omil bo‘lmoqda. Bu Singapur kompaniyalariga O’zbekiston bozoriga erkin kirib, faol tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkonini berdi.

O’zLiDePda elektoratimiz oldida biznes g‘oyalarimizni amalga oshirish, biznes hamkorlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish, o‘zaro savdoni tashkil etish kabi ko‘plab yangi istiqbol va imkoniyatlar mavjudligini ko‘rib turibmiz. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar partiyaning Saylovoldi platformasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    317
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+