Fermerlar va klasterlar o‘rtasida shartnomaviy munosabatlar takomillashadi

24.01.2023, 17:54

Fermerlar va klasterlar o‘rtasida shartnomaviy munosabatlar takomillashadi

Fermer va klaster misoli et bilan tirnoq. Chunki ular o‘rtasidagi munosabatga darz ketsa, uzviylik yo‘qoladi, iqtisodiy “zanjir” uziladi. Albatta, chigit ekishdan tortib, uni to tayyor mahsulotga aylanguncha bo‘lgan jarayon bu hamkorlikdan kuch oladi, quvvat oladi. Shu bois, bu chambarchas bog‘liqlikka putir yetishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Shu yilning 23 yanvar kuni davlatimiz rahbari paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda ham aynan mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda klaster va fermerlarni qiynayotgan muammolar mavjudligi ta’kidlanib, jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli fermer xo‘jaliklarida penya qarzdorligi vujudga kelganligi, 7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sug‘orishga majbur bo‘layotgani tanqid ostiga olindi.
Bundan tashqari, Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmaganligi, shartnomalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha shaffof tizim yo‘qligi aytib o‘tildi. Sohadagi shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi. Xususan, paxta maydonlarini nasos bilan sug‘orish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi borasida takliflar ma’qullandi.

O’tgan yili ichki bozorda mineral o‘g‘it narxi o‘rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral o‘g‘itlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirildi. Klaster va fermerlar o‘rtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qo‘yish, paxta va g‘alla yetishtirishni muvofiqlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun fermer xo‘jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilandi. Paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo‘llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlar mahalliylashtiriladi.

Shu bilan barga 400 million dollarlik 600 ta loyiha ishga tushirilishi, qo‘shimcha 185 ming tonna saqlash va qayta ishlash quvvatlari hamda 33 ta tumanda agroxizmat markazlari tashkil etilishi aytildi.

Ipakchilik sanoatida 3 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 million dollarlik eksport qilinmoqda. Lekin bu tarmoqda salohiyat yanada katta. Shu bois Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga bu yil 26 ming tonna pilla, 1,3 million dona qorako‘l terisi va 40 ming tonna jun ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari 300 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, 200 ming gektar yerni lazerli tekislash rejalashtirilgan. 100 ming gektar ekin yerlarini taqsimlab, 2 milliondan ziyod aholining bandligini ta’minlash ham muhim vazifalardan. Bu asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetarli bo‘lib, bozorlarda narx-navo barqaror bo‘lishida ham ahamiyatga ega.

Albatta, yurtimizda oziq-ovqat sanoatida oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj nihoyatda katta. Bunday mutaxassislar yetishmaydi va borlari ham boshqa sohalarga o‘tib ketgan. Shu bois, xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi ma’qullandi. Eng muhimi, qishloq xo‘jaligi sohasiga ahamiyat qaratilyotgani ayni bugungi globallashuv davrida juda zarur. Chunki elning to‘qligi, yurtning to‘kinligi va mamlakat iqtisodiyotining ravnaqi qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    160
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+