Dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga aylantirishimiz zarur

25.01.2023, 15:54

Dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga aylantirishimiz zarur

2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 30-maqsadida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilning o‘zida 100 ming gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilib, 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilindi va 1,2 milliondan ziyod aholining bandligi ta’minlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023 yilda suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlari 350 mingta yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish orqali aholiga bo‘lib berilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, 2022 yilda tashkil qilingan va 2023 yilda tashkil qilinishi kutilayotgan 750 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish hisobiga qishloqlarda juda ko‘p ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasi yechilishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan dehqon xo‘jaliklari uchun yer maydonlari 30 yil muddatga uzoq muddatli ijaraga berilishi belgilangan. Bu 30 yil inson umrining asosiy mehnat faolligi davriga to‘g‘ri keladi.

Ushbu davrda inson o‘zining moddiy va ma’naviy extiyojlarini ta’minlash uchun dehqon xo‘jaligiga ajratilgan yerni asosiy daromad manbaiga aylantira olishi, avvalo o‘ziga, qolaversa yaratilgan iqtisodiy-huquqiy muhitga bog‘liq.

Tahlillarga ko‘ra, yerdan samarali foydalanish uchun uning qadriga yetish lozim. Uning haqiqiy qiymatini bilishi va uni uzoq muddat saqlanadigan ko‘chmas mulki emas, balki doimiy daromad keltiruvchi vosita sifatida qarash kerak.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sharoitida dunyo mamlakatlarida qishloq xo‘jalik yer maydonlarining yillik o‘rtacha ijara narxlari taxminan Niderlandiyada 70 ming, Lyuksenburgda 40 ming, Italiyada 40 ming, Buyuk Britaniyada 28 ming, Ispaniyada 15 ming, Polshada 11 ming, AQShda 7 ming, Kanadada 5 ming, Xorvatiyada 3 ming, Ruminiyada 2 ming dollardan ortiqni tashkil qiladi.

O’zbekistonda esa auksion tanlovlarida ishtirok etish uchun atigi 300 ming so‘m to‘lanadi, yillik yer solig‘i ham juda kam miqdorda.

Yerga e’tibor, undan samarali foydalanish asosan yerning meleorativ holatini yaxshi saqlash, yuqori xosil olish va yiliga 2-3 marta xosil olish tajribasi bilan baholanadi. Mazkur yo‘nalishda ham o‘rganishimiz lozim bo‘lgan Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Turkiya, Kanada va boshqa ko‘plab davlatlarda zamonaviy tajribalar mavjud.

Masalaga tanqidiy ko‘z bilan qarasak, bizda dehqon xo‘jaliklari faoliyatini samarali tashkil qilishdagi asosiy muammolar nimalardan iborat?

Bu savolga quyidagi misollarni keltirish mumkin:

- suv tanqisligi;

- ekinlarni joylashtirishda ekin turlarini tanlash yuzasidan ilmiy asoslangan, bozor konyukturasini hisobga olgan holda aniq tavsiyalarning yetishmasligi yoki bunga yer egalarining e’tiborsizligi;

- urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar;

- mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan ta’minlash;

- zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalarining yetishmasligi;

- kimyoviy vositalardan foydalanishdagi xatoliklar;

- ekin turlari bo‘yicha hududga mos bo‘lgan texnologik kartalarning ishlab chiqilmaganligi;

- ishchilar uchun mehnat sharoitlari masalasi;

- yetishtirilgan mahsulotlarni sotishdagi muammolar;

- yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash hajmlarining kamligi;

- dehqon xo‘jaliklarining eksportyor korxonalar bilan tizimli hamkorligi yo‘lga qo‘yilmaganligi;

- mablag‘lar yetishmasligi;

- mahalliy hokimliklarning dehqon xo‘jaligi faoliyatiga aralashuvi va boshqalar.

Mazkur muammolar dehqon xo‘jaliklari faoliyatini samarali tashkil qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar hisoblanadi.

Agar mazkur muammolar yechim topsa, O’zbekistonda eng samarali va trenddagi biznes-tadbirkorlik yo‘nalishi dehqon xo‘jaliklari bo‘lishi shubhasiz.

Dehqon xo‘jaliklari faoliyatini haqiqiy tadbirkorlikka aylantirish, ularni yuqori daromadli qatlam sifatida shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlashdagi asosiy jamoa bo‘lishiga erishish uchun quyidagi takliflarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Birinchidan, dehqon xo‘jaliklariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun kam foizli, uzoq muddatli kreditlar va subsidiyalar ajratish bo‘yicha tizimni soddalashtirish.

Ikkinchidan, har bir hududda dehqon xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tashkil qilish, mavjudlarini kengaytirish lozim. Bunda, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini sonini ko‘paytirish zarur. Buning zarurati shundaki, dehqon xo‘jaligi o‘zi uchun texnika sotib olishi iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi.

Uchinchidan, olimlar va agranomlar tomonidan tumanlar va mahallalar kesimida ekilishi tavsiya etiladigan ekin turlarini ro‘yxatlarini, texnologik xaritalarini ishlab chiqishi va uni dehqon xo‘jaliklariga bepul tarqatishlari lozim.

To‘rtinchidan, dehqon xo‘jaliklari joylashgan manzilda yengil konstruksiyadagi umumiy zamonaviy shiyponlar tashkil qilish zarur.

Beshinchidan, yil boshida saqlash va tayyorlov korxonalari, eksportyorlar va qayta ishlash korxonalari bilan dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar haftaligi tashkil qilish lozim. Bunda, yil davomida yetishtirilgan mahsulotlarning turlari, miqdorlari va xaridorlari aniqlanadi.

Oltinchidan, tijorat banklari tomonidan dehqon xo‘jaliklariga olish uchun qulay bo‘lgan, tezkor, foizi kam bo‘lgan kredit mahsulotlari sonini ko‘paytirish lozim.

Yuqorida keltirilgan takliflar tizimli amalga oshirilishi natijasida dehqon xo‘jaliklari jamiyatimizdagi haqiqiy o‘rta sinf vakillariga aylanishiga, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishiga hamda bozorlarimizda narxlar barqarorligiga erishiladi.

Habibillo, Nomozxonov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimi

  • Ko'rildi
    212
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+