Dehqon xo‘jaliklariga 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

26.01.2023, 15:03

Dehqon xo‘jaliklariga 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

O’zing daromad topib, ro‘zg‘oring to‘kin bo‘lganiga ne yetsin. Buning uchun tomorqadan, dehqon xo‘jaliklariga ajratilgan yerlardan unumli foydalanishning o‘zi kifoya. Qolaversa, bir parcha yerdan katta daromad olib, ro‘zg‘orini gullatib qo‘yganlar qancha. Ammo tan olish kerak, bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish, nochor va kam ta’minlangan oilalarni ish bilan band etish, hunarli qilishda mavjud yerlardan samarali foydalanishda ba’zi muammolar ko‘zga tashlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu masalalarga ko‘proq urg‘u berildi. Xususan, dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori ilgarigi 33 mln. so‘mdan 50 mln. so‘mgacha oshirilishi ta’kidlandi. Yana shu narsaga e’tibor qaratildiki, avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi. Ilgari bu borada kredit faqat bir marta berilar edi.

Yana bir qulaylik shundan iboratki, kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

Ikki yil ichida aholiga beriladigan yerlar 200 ming gektardan oshirilishi esa aholi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari alohida aytib o‘tganidek, bu yil ajratilishi kerak bo‘lgan yerlarni ko‘pi hali zaxiraga olinmagan, ishlar pala-partish tashkil qilinayapti. Mahallaning ichidagi kichik-kichik qulay maydonlar qolib, dalaning o‘rtasidagi katta yerlarni ajratish holatlari ham bor. Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida har bir mahallaga “usta dehqonlar”ni jalb qilib, ushbu yer maydonlarida faqat eksportbop-bozorbop mahsulotlar yetishtirilishiga e’tibor qaratish, har bir tuman agrologistika markazlari va eksportyorlar bilan shartnomalar tuzilishini ta’minlash belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida 2023 yilda yana 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi. Buni amalga oshirish mumkinmi? Albatta, qilsa bo‘ladi, faqat buning uchun davlat berayotgan imtiyoz va qulay biznes muhitidan unumli foydalanish lozim. Bank mutasaddilari, joylardagi mahalliy hokimiyat vakillari aholi bilan ishlashda adolat prinsiplariga qat’iy amal qilishlari talab etiladi. Eng muhimi, kambag‘allik bo‘sag‘asida turgan aholi vakillari ham daromadli bo‘lishlari uchun harakat qilishlari kerak. Zero, boy-badavlat oila bo‘lish, erkin va farovon turmush kechirishni kim ham istamaydi, deysiz? Bu fuqaroning mehnatkashligiga va fidoyiliga ham ko‘p tomonlama bog‘liq.

      Barno MIRZAMOVA,

  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    1784
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Og'abek2023-03-15 09:40:17

nech yilga beriladi


Fikringizni qoldiring

+