Oilaviy tadbirkorlik uchun 12 trillion so‘m ajratiladi

26.01.2023, 15:04

Oilaviy tadbirkorlik uchun 12 trillion so‘m ajratiladi

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish o‘rinlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirishdir. Olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad ularni kambag‘allikdan chiqarish, oilasi budjetini boyitish, ishli, hunarli qilishga qaratilgan. Gap shundaki, kambag‘allikni qisqartirish bu – nochor oilalarga mablag‘ ajratish, oilasi bir chetini ko‘tarib yuborish bilan hal etiladigan masala emas. Agar nochor yoki kam ta’minlangan oilalar tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘zlari moddiy ne’mat yaratmas ekan, bu sohada muayyan natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan ushbu masalalar keng muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari e’tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Avvalo, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi ta’kidlandi. 2022 yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bunday kreditlarning eng yuqori miqdori ham oshiriladi. Albatta, oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilyotgan bu kreditlardan foydalanib, fuqarolar o‘z oilasi budjetini mustahkamlaydi, o‘ziga ham, yurtga ham naf keltiradi.

Bandlikni ta’minlashda yana bir katta manba bu – ziroatchilik. Ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer bo‘lib berilmoqda. Lekin, ayrim joylarda bu ishlarga panja orasidan qaralyapti, ekinlar plantatsiya usulida ekilmayapti. Shu bois davlatimiz rahbari yerlarni aholiga qulay joylardan ajratish, ularda bozorbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu yerlardan samarali foydalanib, 1 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi qayd etildi.

Ma’lumki, mahallalarda 300 ta mikromarkaz tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Prezident bunday markazlarni ko‘paytirib, ishsiz aholining hunarmandlik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. Ishonchim komilki, aholi bandligini ta’minlash, kam daromadli kishilarni oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi xayrli tashabbuslar joylarda jadallik bilan amalga oshirilsa, albatta, muayyan natijalarga erishamiz. Bunda pastki bo‘g‘indagi rahbarlar, deputatlar va keng jamoatchilik hamkorlikda astoydil ish olib borishlari talab etiladi.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    159
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+