Elektorat oldida hisobdormiz

26.01.2023, 18:07

Elektorat oldida hisobdormiz

Jahon tajribasidan ma’lumki, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi sog‘lom va kuchli raqobat, muayyan qatlam manfaatlarini himoya qilishda ularning maqbul takliflari, ishlab chiqqan dasturlari nafaqat partiya, balki mamlakat kelajagini belgilashda ham katta ahamiyat kasb etgan. Buni siyosiy kuchning rahbarlarigina emas, balki eng quyi tashkilotgacha bo‘lgan xodimlari to‘liq anglab yetishlari lozim.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham o‘z das tur va nizomlarida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish hamda elektorat ishonchini qozonishni muhim deb biladi. Bu borada yetakchi kuchning barcha bo‘g‘inidagi kadr lari zimmadagi mas’uliyatni bir dam ham unutgani yo‘q. So‘zimiz isboti bilan bo‘lsin. O‘zLiDeP Ijroiya qo‘mitasining birgina Siyosiy ta’lim va deputatlik birlashmalari bilan ishlash bo‘limi tomonidan ayni yo‘nalishda o‘tgan yil davomida olib borilgan ishlariga bir qur, tanqidiy-tahliliy nazar tashlaylik.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida parlament vakillari vazirlar faoliyatini faqat tanqid qilish bilan cheklanmasdan, ularga qaysi yo‘nalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rganib, birgalikda yechim topishlari lozimligini ta’kidlagandi. Qayd etish joiz, 2022 yil davomida O‘zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi deputatlik guruhlarida jami 2 336 nafar deputat faoliyat olib bordi. Shundan, 51 nafari Oliy Majlis, 285 nafari Qoraqalpog‘iston Res publikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Toshkent shahri va viloyatlar kengashlari, 2 000 nafari tuman va shahar kengashlari deputatlaridir.

O‘zLiDeP fraksiyasi tashabbusi asosida qonunlar, davlat dasturlari ijrosi, shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan tizimli kamchilik va muammolarni hal etish maqsadida parlament eshituvi hamda hukumat soati o‘tkazilgan, 6 ta qonun loyihasi (hamtashabbuslikda) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Fraksiya a’zolari muntazam ravishda hududlarga chiqib, saylovchilari va tadbirkorlik sub’ektlari bilan muntazam ravishda muloqotda bo‘ldi. Ularni qiynayotgan dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan 42 ta parlament nazorati tadbirlarini o‘tkazish uchun takliflar ishlab chiqilib, tegishli joylarga 142 ta deputat so‘rovi yuborildi. Ularga biriktirilgan 50 nafar deputat yordamchilari ham samarali ishlarga bosh bo‘lishdi: aholidan tushgan 17 100 ta murojaatning 71 foizi ijobiy hal etildi, qolganlari o‘rganish jarayonida.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida partiya deputatlik guruhlari a’zolari ham faollik ko‘rsatishdi. Ular tomonidan hududiy ijro organlari rahbarlariga yuborilgan jami 13 339 ta deputatlik so‘rovining 85 foizi ijobiy hal bo‘ldi. Qolganlari bo‘yicha hududiy ijro organlari rahbarlarining axborotlarini eshitishga qaror qilingan.

Qayd etilgan davrda deputatlik guruhlari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda 2 469 marta hududiy ijro organlari rahbarlarining axborotlari tinglangan va bu eshituvlarda 84 foiz masala hal etilgan. Ko‘rinib turibdiki, partiya deputatlik guruhlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, xotirjam bo‘lib qolish emas, o‘z faoliyatimizga yanada tanqidiy yondashishda davom etishimiz kerak.

Savol tug‘iladi, xo‘sh partiya faollari, deputatlik guruhi a’zolari o‘rgangan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning amaliy natijasi qanday bo‘ldi, ular ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildimi? Afsuski, ko‘p holatlarda joylardagi ahvol to‘liq o‘zgarmadi, partiya tashkiloti, deputatlik guruhlari aholi e’tibori va ishonchiga to‘liq kira olmadi. Hududlar tugul, poytaxtimiz Toshkent shahrida ham dolzarb muammolar, jumladan aholiga kommunal, transport xizmatlar ko‘rsatish, gaz, elektr, ichimlik suvi ta’minoti, kasalxonalardagi shart-sharoitlarni yaxshilash, sifatsiz dorilar sotilishi va ular bilan bog‘liq bolalar o‘limi, talabalar yotoqxona bilan ta’minlanishi, fermerlarning topshirgan mahsuloti uchun klasterlar bilan hisob-kitoblaridagi uzilishlar, bozorlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshishining oldini olish kabi ishlarda qonuniy vakolatlardan foydalanyapmizmi?

Fraksiyasi ishtirokida yaratilayotgan qonun loyihalari dastlab quyida – boshlang‘ich tashkilotlar va deputatlik guruhlarida doimiy muhokamadan o‘tkazilyaptimi? Qonun ijodkorligi bo‘yicha ularning taklif va mulohazalari inobatga olinyaptimi? Hududlardan saylangan deputatlar ham o‘z hududlaridagi aholi manfaatiga taalluqli masalalarda muqobil qaror loyihalarini tayyorlab sessiya ga kiritayaptimi?

Tan olish lozimki, aksariyat hollarda partiyaning dasturiy maqsadlari nuqtai nazaridan biron-bir jiddiy munozara va tahlil amalga oshirilmasdan, ijro hokimiyati takliflari to‘laligicha qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, yuqorida qayd etilganidek, 2022 yilda Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari o‘tkazgan yig‘ilishlarda 2 469 marta hududiy ijro organlari rahbarlarining axborotlari eshitilgan. Shundan bor-yo‘g‘i 24,4 foiz masalalar Xalq deputatlari mahalliy (viloyat, tuman va shahar) kengashlari sessiyalari va doimiy komissiyalar kun tartibiga kiritilgan, xolos. Bu holatga shahar, tuman deputatlik guruhlari aholini qiynayotgan masalalarni xalq deputatlari kengashi sessiyasiga muhokamaga olib chiqishga kuchi yo‘qligi, “tishi o‘tmasligi” yoki kengashlar kotibiyatlari partiya deputatlik guruhlari qarorlarini mensimasligi deb qarash mumkin.

Achchiq bo‘lsa-da, aytish lozim, hozirgi kunda elektorat emas, faqat tuman (shahar) xalq deputatlari kotibiyatlari deputatlar ko‘targan masalalarni sessiyaga yoki doimiy komissiyalar muhokamalariga kiritish yoki kiritmaslik vakolatiga ega bo‘lib, partiya deputatlik guruhlari faoliyatini baholovchi bo‘g‘inga aylanib qolmoqda. Shu tarzda, deputatlik guruhlari o‘z majlislarida aholi muammolarini o‘rganish va sesiyaga olib chiqish uchun tegishli qaror qabul qilganda ham tuman, shahar kengashlari sessiyasiga ushbu masalalarni olib chiqolmay, oqibatda elektorat oldidagi mavqeini susaytirmoqda.

Xullas, rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat boshqaruv tizimi ayrim rahbarlarning sub’ektiv nuqtai nazariga, sodda qilib aytganda, ularning qosh-qovog‘iga qarab emas, aksincha, mustahkam huquqiy mezonlarga ega bo‘lgan institutlar faoliyati orqali amalga oshirilishi zarur. Bu esa Taraqqiyot strategiyasida belgilanganidek, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratishni dolzarb ahamiyat ega ekanligini va ushbu jarayonni tezlashtirish lozimligini anglatadi. Xalq vakili – deputatlar o‘z nuqtai nazari, partiyaviy pozitsiyasiga ega bo‘lmasa, oddiy odamlardan nimani kutish mumkin?

Ta’kidlaymizki, yurtimizdagi islohotlar bosh mezoni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etiladi. Kelgusi besh yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olar ekanmiz, o‘tgan davrda erishgan yutuqlarimiz bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishimiz lozim. Zero, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan senator va deputatlar alohida muhim o‘rin tutadi. Bu borada parlamentdagi fraksiyamiz tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinmoqda. Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borish maqsadida O‘zLiDeP fraksiyasi va Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi hamkorligida 21 ta ishchi guruhlari tashkil etilgan edi. O’tgan davr mobaynida ishchi guruhlari tomonidan joyiga chiqqan holda dasturning har bir maqsadi ijrosi yuzasidan mas’ul vazirlik va idora rahbarlarining axborotlari eshitilib, mavjud tizimli muammolar yechimi tegishli takliflar ishlab chiqilgan. Mas’ul rahbarlar bilan birgalikda yirik loyihalarni joyiga chiqqan holda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan muhokamalar o‘tkazilgan.

Aytish joizki, so‘nggi yangilanishlar nafasi har bir soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahallaga kirib bordi. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar ijobiy natija berdi. O’z navbatida, barqaror rivojlanishimizni ta’minlash bo‘yicha juda ko‘p muhim masalalar yechimini kutmoqda. Masalan, ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish kabi ko‘plab vazifalar borki, bularning barchasida partiyamiz o‘zining faol ishtirokini ta’minlashi va elektorat manfaatiga xizmat qilishi lozim.

Davlat dasturining hududiy loyi halari ijrosi yuzasidan “Deputat va tadbirkor muloqot forumi”, “Hududlarda investitsion loyihalarni sifatli va samarali amalga oshirish”, “O‘zLiDeP press-klubi”, “Deputat va yoshlar ochiq muloqoti”, “Bir deputat 100 ayolga ko‘makchi” loyihalarida ham samarali hamkorlik olib borilgan. Jumladan, “Deputat va tadbirkor muloqot forumi” loyihasi doirasida partiya fraksiyasi xamda mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhi a’zolari tomonidan aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni tuman, viloyat, respublika miqiyosida muhokama etish, ularning yechimiga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash maqsadida hududlarda oz emas, 243 marta muloqot forumlari o‘tkazilgan. O’tgan yil davomida bevosita deputatlarning ishtiroki va ko‘magi bilan umumiy qiymati 410 mln. 710 ming AQSh dollari miqdoridagi 579 ta investitsion loyihalar amalga oshirilgani natijasida 23 815 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga muvaffaq bo‘lingan. Ushbu loyihalar asosan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati hamda xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Amaliyotni nazariyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda partiyaning Siyosiy ta’lim markazi tomonidan xodimlar va partiya faollari ishtirokida o‘tkazilgan qator tadbirlarni ham alohida ta’kidlash lozim. Chunki nazariy va g‘oyaviy jihatdan mustahkam tayanchga ega bo‘lmagan siyosiy kuch o‘zining dasturiy va strategik maqsadlarini amalga oshirishda, xalq bilan muloqotga kirishishda, asosiysi, keng elektoratga ega bo‘lishda bu kabi o‘quvlar katta ahamiyatga egadir.

Akrom ALIMOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi Siyosiy ta’lim va deputatlik

birlashmalari bilan ishlash bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    145
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+