Yoshlar parlamenti oltin zaxira bo‘la oladimi?

27.01.2023, 12:01

Yoshlar parlamenti oltin zaxira bo‘la oladimi?

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanganidan ko‘pchilik xabardor. Mazkur Nizom Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga a’zolarni saylash tartibini belgilaydi.

Ayni paytda hududiy hamda tuman shahar kengashlari tomonidan ham saylovni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida tashkiliy qo‘mita tuzilib, chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra saylov ikki yarim yilda 1 marotaba 3 bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqich: tegishli okrugdagi tumanlarda saralash bosqichi (23 yanvar – 6 fevral oralig‘ida);

 2-bosqich: partiyaning viloyat kengashidagi bosqichi (6 – 15 fevral oralig‘ida);

3-bosqich: yakuniy (respublika) bosqichi (15 – 22 fevral oralig‘ida).

YO’L BERING, VORISLAR KELYAPTI

Rustam POSHSHAYEV, O‘zLiDeP Tashkiliy-partiyaviy ishlar bo‘limi mudiri:

Nizomga ko‘ra, hududiy kengashlar tomonidan tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati tuzildi. Ular tarkibiga 5-7 nafardan yoshlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlar, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatlari, jamoatchilik tashkiloti vakillari hamda partiya apparati xodimlari kiritildi.

Bundan maqsad – yoshlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etish, saylov yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda parlament faoliyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, ularda erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o‘stirish, faol fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlash, parlamentda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, erkin fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan yoshlarni mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, yigit va qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali vatanga, o‘z xalqiga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.

Hakamlar hay’atiga ushbu bosqichdagi saralash jarayonida eng faol nomzodlarni partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzuridagi hakamlar hay’atiga taqdim etishi bo‘yicha tushuncha va ko‘rsatmalar berildi. Hay’at ushbu Nizom bo‘yicha nomzodlarni ko‘rib chiqib, yakuniy qaror qabul qilishi kabi yuksak mas’uliyat yuklangani ko‘rsatib o‘tildi.

Albatta, yurtimizda hali kashf qilinmagan, o‘z iqtidorini yurt ravnaqi yo‘lida safarbar qilishga tayyor millionlab yoshlar bisyor. Ularni katta kuch sifatida birlashtirishdek ezgu maqsad bizni yuqoridagi kabi tashabbuslarni amalga oshirishga undaydi.

ISHONChNI OQLASH KERAK

Sardor MARIPOV, O‘zLiDeP Partiya dasturiy ko‘rsatmalarini ishlab chiqish va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri:

 

Majlisda Yoshlar parlamenti a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi partiya nizomi ham tasdiqlandi. Yoshlar parlamentidagi bo‘lajak vakillarimiz o‘z sa’y-harakatlari bilan partiyamiz nufuzini yanada yuksaltira oladigan, mustaqil fikrlaydigan va hayotga teran qaraydigan, Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, fidoyi va izlanuvchan, iqtidorli shaxslar bo‘lmog‘i darkor. Zarur bilim va ko‘nikmalar partiyaning turli bo‘g‘indagi tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, o‘quvlarda ishtirok etish asnosida sayqallanadi. “Yoshlar bilan” “Vatanim ravnaqiga mening hissam”, “Yosh huquqshunos”, “Parlamentda mening o‘rnim”, “Deputat va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Tengdoshman”, “O‘zLiDeP yoshlarga ko‘makdosh”, “AyTi revolyushn”, “Biznes tur” va partiya “Yoshlar qanoti”ning boshqa 20 dan ziyod loyihalari, tanlovlari, aksiyalarining hammasida bo‘lmasayam, aksariyatida bevosita qatnashayotgani ayni muddaodir. Shu o‘rinda qayd etish zarurki, O‘zLiDeP dasturiy vazifalari amalga oshirilishiga yordam berish, targ‘ibot-tashviqot qila olishi uchun yosh safdoshlarimiz partiya ustavi, harakat dasturi, saylovoldi dasturini ham yaxshi bilishi zarur. Partiyamiz saflarida ana shunday – har jihatdan yetuk, barkamol yoshlar juda ko‘p. Munosiblar orasidan eng munosiblarining saralab olinishi, Yoshlar parlamentiga a’zo etib saylanishi partiya manfaati yanada kengroq ifodalanishi, dasturiy vazifalarimiz samarali ijro etilishiga katta imkoniyatlar yaratadi.

BU SHUNCHAKI SAYLOV EMAS

Jamshid JALOLOV, O‘zLiDeP Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri:

Saylov jarayonining ikkinchi bosqichida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga a’zolik uchun nomzodlarning qonunchilik sohasidagi bilim va tajribasi aniqlanadi.

E’tibor bering, bunda nomzodning davlat boshqaruvi asoslari, fuqarolik qonunchiligi, mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi, tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati bo‘yicha va shu kabi qonunchilik sohalarini bilish darajasi, shu bilan birga, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflari ham baholanadi.

Bu mezonlar-talablarga javob beradigan, mos keladigan nomzodlar saralanishi, saylanishi partiyamiz nufuzi yanada oshishi va Yoshlar parlamenti shunchaki tuzilma sifatida emas, balki navqiron avlodni jamiyatning siyosiy faol qatlamiga aylantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

ULAR SARALANADI, SAYLANADI

Dilrabo SAYDULLAYEVA, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi:

Yoshlar parlamenti tashkil etilishi juda to‘g‘ri, o‘rinli ish bo‘ldi. Buning ba’zi ko‘rinishlari xalqaro tajribada ham mavjud. Masalan, 2012 yili London shahrida bo‘lganimda OAVda yoshlarning nafaqat ijtimoiy masalalardagi fikrlari, balki siyosiy qarashlari ham berib borilishiga, bu chiqishlarga “yoshlar fikri” deya katta e’tibor qaratilishiga guvoh bo‘lganman.

Mana salkam uch yildirki, O’zbekistonda siyosiy jarayonlarda yoshlarning nafaqat ishtiroki, balki ularning shaxsiy qarashlari, fikrlari eshitilmoqda. Albatta, o‘rinli vaziyatlarda navqiron avlod bilan hamfikr bo‘lgan davlat albatta katta natija va marralarga erishadi.

Yoshlar parlamentining maqsadlari belgilangan. Yigit-qizlar ana shu ezgu niyatlar yo‘lida saralanib, izlansa, intilsa, kelgusida mahallasi, tumani, viloyati va mamlakat koriga yaraydigan, barcha uchun foydali fikrni umumlashtirib, jur’at etib ayta oladigan, siyosiy ongi va bilimi yuqori, turli qonunlarni qabul qilish jarayonlarida halq manfaati uchun kurashadigan nomzodlar shakllanib boradi va yaqin kelajakda, o‘ylaymanki, oltin deputatlik zaxirasi yuzaga keladi.

  • Ko'rildi
    519
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+