Tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

27.01.2023, 18:14

Tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ma’lum qildi. Jumladan, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshirilishi, dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha oshirilishi (amalda 33 million so‘m), avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi. Kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat berilishi  aytib o‘tildi.

Darhaqiqat, Yangi O’zbekiston – keng iqtisodiy imkoniyatlar mamlakatidir. Bugungi kunda tadbirkorlik o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi, roli va ta’siri, sodda qilib aytganda, boshqa hech bir soha va yo‘nalish o‘rnini bosolmaydigan katta ahamiyati bilan davlat va jamiyatimiz rivojida alohida o‘rin egallaydi. Eng avvalo, tadbirkorlik faoliyati har qanday jamiyatning taraqqiyotini ta’minlovchi lokomotivi ekanini ta’kidlash zarur. Bugungi kunda oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi bu orqali jamiyatda fuqarolarni avvalo o‘zining bandligini ta’minlashga, kelgusida yangi ish o‘rni yaratishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqarishga va oilalar farovonligini yuksalishiga katta turtki bo‘ladi. Men ham ko‘p yildan beri tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqdaman. Usta va shogird an’anasiga ko‘ra ko‘p yillik hayotiy tajribalarimdan kelib chiqib yoshlarga tadbirkorlikni sir asrorlarini o‘rgatib ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini hosil qilishga yaqindan amaliy yordam berib kelmoqdaman. Hozirgi kunda ko‘pgina shogirdlarim o‘z bizneslarini ochib ish faoliyatlarini  olib borishmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlik sohasida berilayotgan imkoniyatlar meni juda quvontirib yubordi. Biz tadbirkorlar ushbu imkoniyatlardan foydalanib yurtimiz ravnaqiga o‘z xissamizni qo‘shib boramiz.

Iftixor Ziyeyov,

O`zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    110
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+