Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 12,7 mlrd dollarlik 12,6 mingta loyiha ishga tushirildi

27.01.2023, 18:26

Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati  12,7 mlrd dollarlik 12,6 mingta loyiha ishga tushirildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yildagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O’zLiDeP mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida davlat iqtisodiy siyosati samaradorligining bosh mezoni – mamlakat raqobatbardoshligi, fuqarolar hayoti sifati, oilalar farovonligining izchil va jadal yuksalishi, deb biladi.

Shu bois, yig‘ilishda asosan iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, ta’lim, madaniyat, turizm va inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, mamlakatda olib borilgan izchil islohotlar natijasida 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7foizni tashkil qildi.

Shuningdek, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 11,8 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 12,7 mlrd dollarlik 12,6 mingta loyihalarni ishga tushirish hisobiga 305 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Joylardagi “Loyiha guruhlari”ning faoliyati doirasida esa Hududiy dasturlarda ko‘zda tutilmagan 655,0 mln dollarlik 1 776 ta yangi loyihalar ishga tushirilishi evaziga qo‘shimcha 31,6 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

E’tiborli jihati, respublikaning eksport salohiyatini oshirish orqali 2026 yilda respublika eksport hajmlarini 30 mlrd AQSh dollariga yetkazish maqsadida 15 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Birgina 294 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatni joriy qilish bo‘yicha 41,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgani tufayli korxonalar tomonidan 987,2 mlrd. AQSh dollarlik eksport qilinishiga erishildi.

Hisobot davrida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazishga qaratilgan ishlar ham e’tirofga loyiq.

O’zLiDeP saylovoldi dasturida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 4 barobar oshirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti yillik hajmini kamida 5 milliard AQSh dollariga yetkazish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning o‘rtacha samaradorligini hamda ularni ishlab chiqaruvchilar daromadini 2-3 barobar oshirish eng muhim vazifa sifatida belgilangan.

Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ayni yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, 2022 yilda jami 3,2 mln gektar maydonda qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilgani, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilgani alohida e’tirof etildi.

Muhokamalar davomida Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida Davlat dasturida belgilangan masalalar ijrosi to‘liq ta’minlangani, mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar sababli tadbirkorlar safi kengayib, aholining aksariyat qismi shu sohada mehnat qilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, fraksiya a’zolari Davlat dasturining ijrosi yuzasidan qator savollar berdi. Deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha savollarga tegishli vazirliklar mas’ullari atroflicha javob qaytardi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi.

  • Ko'rildi
    225
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+