O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari

27.01.2023, 18:52

O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari

Bugun O’zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli, yaxshi qo‘shnichilik, ochiq va pragmatik munosabatlarni faollik bilan olib bormoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan haftada davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘lgani fikrimiz tasdig‘idir.

Hozirgi paytda O’zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri Qirg‘iziston bilan ko‘p qirrali, ko‘p bosqichli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli siyosiy muloqot va ishonch mustahkamlanmoqda, ikki tomonlama hamkorlikning barcha jabhalari bo‘yicha ko‘plab masalalar hal etilmoqda, samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning tor doiradagi muloqotida keyingi ikki yilda O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi juda samarali rivojlangani qayd etildi.

“Qirg‘iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz va vaqt bilan sinalgan do‘stimizdir”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar oxirgi ikki yilda o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishgani ta’kidlandi. O’zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani esa tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.

Muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi yetti barobarga ko‘payganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O’tgan yilning o‘zida tovar ayirboshlash 30 foizga oshib, 1,3 milliard dollarga yetdi.
Ikki mamlakat hukumatlariga savdo hajmini yanada oshirish va o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan birgalikda ishlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda O’zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondining salohiyati yanada faol ishga solinadi.

O’zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi davomida ko‘plab masalalar qamrab olinishi va erishilgan kelishuvlarning ahamiyati jihatidan ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochadi.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro

ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    194
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+