Davlat boshqaruvi tizimining yanada takomillashtirilishi barcha sohalardagi islohotlarimiz muvaffaqiyatini ta’minlaydi

30.01.2023, 17:27

Davlat boshqaruvi tizimining yanada takomillashtirilishi barcha sohalardagi islohotlarimiz muvaffaqiyatini ta’minlaydi

Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan talay islohotlar  amalga oshirildi. Boshqa omillar qatori mazkur o‘zgarishlar ham muvaffaqiyatlarimizga keng yo‘l ochdi. Lekin tizimni takomillashtirish borasidagi jarayonlar to‘xtamagani, bu borada ham xotirjamlikka berilib qolmaganimizni alohida qayd etish zarur. Prezidentimiz 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida shu haqda gapirib, yanada ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif etganligini sohadagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin. Murojaatnomada, shuningdek,  ilgari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” maqsadida olti yil davomida yangi vazirlik va idoralar tashkil qilingani, endilikda “qo‘l boshqaruvi”dan — aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Darhaqiqat, davlat boshqaruvining markazlashishi vazirlik va idoralar vakolatlarining bir-birini takrorlashi, agentliklarning haddan ortiq ko‘payib ketishi, byurokratiyaning kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Ana shularni e’tiborga olsak, davlatimiz rahbarining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023 yil 25 yanvardagi farmoni ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarni to‘liq hal etishga imkon yaratishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalar partiyamiz dasturiy maqsadlariga, demakki, elektoratimiz manfaatlariga hamohang.  Zero, O’zLiDePning mazkur yo‘nalishdagi ustuvor maqsadlaridan biri O’zbekistonning  davlat boshqaruvi sifati yuqori darajaga ega, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan dunyodagi 30 ta davlat qatoriga  kirishiga erishishdir.

Xususan, farmonda vazirlik va idoralar rahbarlari uch hafta muddatda har bir vazirlik va idora faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtirishni nazarda tutuvchi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini kiritishi shartligi bayon qilinib, ulardan qanday tartib-tamoyillar o‘rin olishi zarurligi ham ko‘rsatilgan. Ya’ni,  aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini  hal etish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish talab qilinmoqda.  Tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish, joriy yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish zarurligi nazarda tutilmoqda. Sohani rivojlantirish dasturlari uchun jalb qilinadigan grant va texnik ko‘mak mablag‘larining prognozi hamda uning aniq yo‘nalishlarini belgilash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish guruhlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilmoqda. Vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini o‘rganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qo‘yish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish zarurati ta’kidlanmoqda. Farmonda tizim samaradorligini oshiruvchi boshqa ko‘plab vazifalar ham aniq, mufassal bayon qilingan.

Ushbu muhim hujjat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni zudlik bilan hal etishga qodir, innovatsion rivojlanishning zamonaviy, umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish va modernizatsiya qilish, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

O’z navbatida partiyamiz mazkur vazifalarning to‘liq amalga oshishidan g‘oyat manfaatdor siyosiy kuch sifatida farmon ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini izchil amalga oshiradi. 

Dilshod Shoumarov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    461
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+