O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi: yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi bosqichi

31.01.2023, 16:59

O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi: yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi bosqichi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining samarali natijalari O’zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlaridagi yuksak darajaning namunasi bo‘lganini  alohida e’tirof etish joiz. Ushbu tarixiy tashrif o‘zbek va qirg‘iz xalqlari uchun juda katta imkoniyatlar yaratgani endilikda yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Birgina misol: O’zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari joriy yildan boshlab ikkala davlatga ham ID-karta orqali o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi. Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o‘tishda amal qiladi.

Mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi. Bu taxminan 1-2 oy vaqt olishi ma’lum qilinmoqda.

Ushbu tartib ayniqsa, O’zbekistonning eksklav hududlari bo‘lgan So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi hududlaridagi yurtdoshlarimiz uchun katta yengillik bo‘ladi, ularning chegaradan o‘tishlaridagi ortiqcha byurokratiyaga chek qo‘yadi. E’tiborlisi shundaki, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o‘zaro borib-kelish tartibi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Qirg‘iziston birinchisi bo‘ldi.

 Prezidentimizning Qirg‘izistonga tashrifi hech mubolag‘asiz zamonaviy diplomatiyaning tom ma’nodagi yutug‘i bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarining muhokama qilingani qo‘shni davlat Qirg‘iziston bilan ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yilganidan dalodat beradi.

Bunday kezdlarda aksariyat yurtdoshlarimizda bo‘lganidek, keksa avlod vakillarining ham qalbini shukronalik his - tuyg‘ulari qamrab oladi. Xalqlarimiz juda katta va cheksiz imkoniyatlarga ro‘baro‘ bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbarining oqilona va dono siyosati, turli yoshdagi hamyurtlarimizni rozi qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari, tegishli Farmon va Qarorlari, ayniqsa aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini himoya qilish borasidagi amaliy faoliyati butun xalqimizni mamnun etmoqda. Yurtimizdagi islohotlar barchamizni mamlakatimiz ravnaqi uchun qo‘limizdan keladigan ishlarni bajarishga da’vat etib turibdi. O’zLiDeP viloyat Kengashi huzuridagi Faxriylar Kengashining a’zolari,  partiyamiz faollari qalblarida ham ana shunday shukronalik va faxr-iftixor his-tuyg‘ulari jo‘sh etib turgani aniq. Biz bundan keyin ham butun kuch-g‘ayratimizni yoshlarimizni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga safarbar etaveramiz.

Behbud Jumayev,

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi huzuridagi

Faxriylar Kengashi raisi,

“El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari

uchun” va “Dustlik” ordenlari sohibi 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    359
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+