Paxta yetishtiruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

01.02.2023, 17:06

Paxta yetishtiruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

Bu haqida davlatimiz rahbarining shu yil 26 yanvardagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Mazkur qaror paxta xom ashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar hamda uni qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yish va ular faoliyati samaradorligini oshirish maqsadini ko‘zda tutadi.

Prezident qarori bilan fermer xo‘jaliklariga quyidagi imkoniyatlar va imtiyezlar berildi:

birinchidan, fermerlar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasidagi munosabatlarga mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashuvi qat’iyan ta’qiqlandi. Paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘liq bekor qilingani bois davlat rahbari qarorida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatiga arashishga yo‘l qo‘yilmasligi va javobgarlik choralari nazarda tutilgan;

ikkinchidan, o‘zaro kelishilgan fyuchers shartnomalari asosida ishlar tashkil etiladi. Qarorda har yili 1 oktyabrga qadar kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilishi belgilangan. Bunda paxta xom ashyosining xarid narxlari o‘zaro manfaatli kelishuvlar asosida shakllanishi va shaffof tizimning joriy qilinishi nazarda tutilgan;

uchinchidan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan bo‘nak to‘lash mahsulot yetishtiruvchilar bilan kelishuv asosida pul va moddiy resurslar shaklida amalga oshiriladi. Bunda fermerlar noroziligiga sabab bo‘layotgan salbiy amaliyotga barham beriladi. Endilikda moddiy resurslar, shu jumladan, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ustamalarsiz (etkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari bundan mustasno) yetkazib beriladi;

to‘rtinchidan, lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi;

beshinchidan, paxta maydonlarini nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi;

oltinchidan, 2025 yil 1 yanvarga qadar import qilinadigan mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining «nol» qiymatda qo‘llanilishi belgilandi;

ettinchidan, 2023 yil 26 yanvar kuniga qadar fermer ho‘jaliklarining barcha soliqlari bo‘yicha hisoblangan va to‘lanmagan penyalari, istisno tariqasida hisobdan chiqarildi;

sakkizinchidan, tomchilatib sug‘orishga berilgan va beriladigan kreditlar muddati besh yil etib belgilandi.

Shuningdek, paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishida mutasaddi davlat idoralarning aniq ishtiroki, o‘rni va vazifalari belgilab berildi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    92
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+