O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
02.02.2023, 11:58

2021 yilning avgust oyida o‘z faoliyatini boshlagan Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida fuqarolar bugungi kunda servis va xizmat ko‘rsatish, texnik, qurilish, xorijiy til o‘rgatish, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘qitish va migratsiya xizmatlari sohalari bo‘yicha jami 24 turdagi kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqdalar. Bu yerda shuningdek, 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillarni o‘rgatish hamda Tadbirkorlik asoslari, migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Birgina o‘tgan 2022 yilda Monomarkazda 3800 nafar tinglovchi o‘z bilim va malakasini oshirishga erishdi. Ularning 2500 nafari MFYlardagi “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy-himoyaga muhtoj fuqarolardir. Ma’lumotlarga qaraganda joriy yildada ushbu ko‘rsatkichni 4700 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyatda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy etish, kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar sirlariga o‘rganish va ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi hamda monomarkaz hamkorligida amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishni monomarkaz direktori Alixan Umarov kirish so‘zi bilan ochib, ushbu bilim va kasb-hunar maskanida keyingi paytda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bu yerda to‘plangan O’zLiDeP viloyat, shahar va tuman Kengashlari mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlari, partiya a’zosi hisoblangan tadbirkorlarni yaqindan tanishtirdi. Ularning e’tiborini kelgusida partiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarga qaratdi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari o‘quv-amaliy mashg‘ulot xonalari faoliyatini ko‘zdan kechirdilar. Avtomobillarni texnik ta’mirlash, zargarlik, servis xizmatlari ko‘rsatish, maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini o‘z ichiga olgan o‘quv-mashg‘ulotlarining borishi bilan tanishdilar. Ularda shuningdek, oshpazlik, qandolotchilik, sartaroshlik va boshqa kasb egalarining ishlari ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Zargarlikdek nozik kasbni o‘rganib olishga ahd qilgan yoshlarga yaqindan yordam bergan holda usta-shogird yo‘nalishidagi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan buxorolik zargarlar sulolasining kenja vakili Olimjon Safarov bo‘lib, uning 20 dan ortiq shogirdi endilikda mustaqil ravishda faoliyat olib bormoqda. Monomarkazdagi 40 nafar tinglovchi ham aynan shu yo‘nalishda o‘z mahoratini oshiryapti.
Monomarkaz tinglovchilari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar-turli pishiriqlar, zargarlik, zardo‘zlik buyumlari va tikuvchilik namunalaridan iborat ko‘rgazma ham ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
Shu kuni O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Asxor Istamov,
O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi faoli
O'xshash yangiliklar
-
O‘zLiDePning navbatdagi event-tadbiri Xorazmda bo‘lib o‘tdi
30.03.2023, 14:11
-
Kelajaging uchun ovoz ber!
30.03.2023, 12:34
-
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli bo‘ladi
30.03.2023, 12:29
-
Farovonlik, erkinlik, mas’uliyat
30.03.2023, 12:26
-
Islohotlar inson qadri uchun
30.03.2023, 12:09
Fikringizni qoldiring