Pensiya kamaymaydi, aksincha, ko‘tariladi

03.02.2023, 10:35

Pensiya kamaymaydi, aksincha, ko‘tariladi

“XXI ASR” GAZETASINING 19 YANVAR SONIDA TANIQLI JURNALIST RO’ZIMBOY HASANNING “KIMLARNING PYeNSIYaSI OShDI? BOShQALARNIKI NYeGA OShMADI?” SARLAVHALI MAQOLASI E’LON QILINDI. TABIIYKI, UShBU MAVZU ANChADAN BYeRI YuRTDOShLARIMIZ ORASIDA TURLIChA TALQIN QILINAYoTGANI HAM SIR EMAS. ShU MUNOSABAT BILAN BIZ MAQOLADA QO’YILGAN HAYoTIY SAVOLLARGA ATROFLIChA JAVOB OLISh UChUN OLIY MAJLIS QONUNChILIK PALATASI MYeHNAT VA IJTIMOIY MASALALAR QO’MITASI RAISI MAVLUDAXON XO’JAYEVAGA MUROJAAT ETDIK.

– Maqola bilan batafsil tanishib chiqdim. Albatta, qo‘yilgan masala jiddiy va dolzarb. Bunday mazmundagi savollar bizning qo‘mitamizga ham kelib tushyapti. Shuning uchun odamlarga xolis va asoslangan to‘g‘ri ma’lumotni taqdim etishimiz kerak.

Pensiya va ijtimoiy nafaqalar bilan ta’minlash masalasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni va sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Konstitutsiyamizning 39-moddasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

Sir emas, sohada muammo va murojaatlar ko‘p edi. So‘nggi yillardagi tub islohotlar, jumladan, 2017–2022 yillarda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi – 16 ta qonun, Prezident farmoni va qarori – 48 ta, Vazirlar Mahkamasining sohaga oid – 21 ta qarori qabul qilingani tizimdagi muammolarning qonuniy yechimiga xizmat qilmoqda. Misol uchun, fuqarolarni uzoq yillar davomida qiynab kelgan pensiya va nafaqalar to‘lovlarini kechiktirilishi bilan bog‘liq muammo yechilib, 2017 yildan boshlab oyma-oy to‘lov joriy etildi. Pensiya va nafaqalarni majburan bank plastik kartalariga o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar ko‘pchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi. Bu ham to‘liq bartaraf etilib, fuqaroning xohishiga ko‘ra naqd pulda yoki naqd pulsiz shaklda olinishi ta’minlandi. Ishlovchi pensionerlarning pensiyalaridan 50 foizini chegirib qolish amaliyoti bekor qilindi. Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal chegarasi 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha oshirildi. 2019 yil mart oyidan pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor ayollarga 55 yoshdan yoshga doir nafaqa tayinlash joriy etilishi natijasida 4,2 ming nafarga yaqin ayollarga yoshga doir nafaqalar tayinlandi hamda ushbu nafaqalar uchun 5 mlrd. so‘mdan ortiq davlat budjeti mablag‘lari to‘landi...

Umuman olganda, pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish, bu boradagi rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, ya’ni pensiya tayinlash bilan bog‘liq hujjatlarni qisqartirish, sohaga ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish bugunning eng muhim masalalaridan hisoblanadi. Bu boradagi amaliy ishlar boshlab yuborilgan va takomillashtirishni taqozo etadi.

Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor berishimiz lozimki, pensiyalar ishlovchi fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘langan ijtimoiy soliq hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda jamg‘armaga ko‘proq hissa qo‘shgan, ya’ni yuqori ish haqidan katta miqdorda soliq to‘lagan fuqarolarning pensiya miqdorlari ham ko‘proq bo‘lishi adolatli hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikda pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqiga chegara mavjud bo‘lib, bu 2023 yilga qadar pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 so‘m)ning 10 karrasi (3 240 000 so‘m) deb belgilangan edi. Vaholanki, Davlat statistika agentligi ma’lumoti bo‘yicha bugungi kunda respublikamizda o‘rtacha ish haqi 3,7 mln. so‘mni tashkil etmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, pensiya hisoblashdagi ish haqiga mavjud chegara fuqarolarni o‘z daromadlarini legallashtirishdan manfaatdorlikni susaytirib, ko‘proq miqdorda soliq to‘lagan va unga nisbatan kam soliq to‘lagan fuqarolarning pensiyalari bir xil belgilanishiga sabab bo‘layotgan edi.

Ushbu yo‘nalishda ham adolat mezonlarini mustahkamlash maqsadida, Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan, 2022 yil 19 sentyabrda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Bunda 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori, ya’ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki baravarigacha oshirildi.

Ushbu qonunga asosan 2022 yil dekabr oyida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan, ya’ni 3 240 000 so‘mdan yuqori bo‘lgan 371 ming nafar pensiya oluvchilarning pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022 yilning dekabr oyida mobil qurilmalari orqali xabar yuborildi.

Misol uchun, 4 000 000 so‘m o‘rtacha oylik ish haqiga ega bo‘lgan fuqaroning pensiya miqdori 2023 yil 1 yanvarga qadar 3 240 000 so‘mdan hisob-kitob qilingan bo‘lsa, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa ushbu fuqaroning pensiya miqdori 3 888 000 so‘mdan qayta hisob-kitob qilindi.

Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga ko‘proq hissa qo‘shgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib yaxshiroq haq olishga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqish, iqtisodiyotni isloh qilish va rivojlantirishda faol ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qiladi. Yuqorida tilga olingan maqolada ko‘tarilgan ayrim e’tirozlar ham qaysidir ma’noda to‘g‘ri, lekin shu kungacha sohada olib borilgan katta islohotlar ham faqat inson farovonligini oshirishga qaratilganini ham unutmasligimiz kerak. Albatta, bu bilan pensiya tizimidagi islohotlar to‘xtamaydi, muammolarni bosqichma-bosqich yechishga yo‘naltirilgan siyosat davom etadi. Misol uchun, parlament tomonidan yaqinda qabul qilingan qonunga ko‘ra 2023 yildan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash tartibi joriy etildi. Mazkur o‘zgarish natijasida 2023 yilda 75 ming nafar I va II guruh nogironlik pensiyasi oluvchi fuqarolarning pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilinishi va nogironlik pensiyasi o‘rtacha 304 ming so‘mga oshishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida sobiq Moliya vazirligi bilan hamkorlikda davlat pensiyalari miqdorini har yillik inflyatsiya darajasida qayta hisoblash (oshirib borish) tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, tegishli tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish choralari ko‘rilyapti.

Yana bir bor ta’kidlashni istardim, kelgusida bu borada rejalar ko‘p. Davlatimizda xalqaro tamoyil va standartlarga muvofiq ko‘p bosqichli va davlat tomonidan kafolatlangan pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish masalasida ham o‘rganishlar olib borilmoqda. 2022 yilning 20 dekabrida Prezidentimiz Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida: “Biz ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosatini izchil davom ettiramiz”, deya alohida ta’kidlagani ham bejiz emas. Ko‘rinib turibdiki, iqtisodiyotimiz rivojlanishi davlat budjeti daromadlarining ko‘payi shiga, bu esa ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan mablag‘ salmog‘i oshishiga, shu jumladan, ish haqi, pensiya va nafaqalar bosqichma-bosqich ko‘tarilishiga zamin yaratadi.

Xullas, oldimizda hali ko‘p vazifalar turibdi. Fuqarolarimizning taklif va tavsiyalarini inobatga olgan holda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlarimizni davom ettiramiz. Qolaversa, ushbu mavzuni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqqan jurnalistga ham samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Mavludaxon XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    908
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+