Ta’lim islohotlariga barchamiz daxldormiz

08.02.2023, 16:52

Ta’lim islohotlariga barchamiz daxldormiz

2023 yil Prezidentimiz taklifi bilan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nomlandi. Aslida, ta’limga bo‘lgan e’tibor – insonga, uning kelajagiga bo‘lgan e’tiborning ko‘rinishlaridan biridir. Chunki, ulkan maqsad va marralarga yo‘l ochayotgan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Yangi O’zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish, dastlabki navbatda maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan, raqobatbardosh yoshlarga bog‘liqdir.

Bugun yoshlar haqida so‘z ketar ekan, turli xil kishilardan turfa fikrlarni eshitish mumkin. Kimdir yigit-qizlarimizning muomala madaniyati, kiyinishi va boshqa jihatlarini tanqid qilsa, yana kimdir Yangi O’zbekiston yoshlarining adabiyot, san’at, sport, tadbirkorlik va boshqa sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini faxr bilan tilga oladi. Biroq, bir fikrda barcha yakdil: “ Yangi O’zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimizni tarbiyalash uchun avvalambor, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tubdan yangilash lozim”.

Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish haqida so‘z ketar ekan, bugun sohada boshlangan islohotlar, albatta, o‘zining ijobiy samaralarini berishiga barchamiz katta ishonch bilan qaramoqdamiz. Boisi, Davlatimiz rahbari ta’lim sohasi haqida gapirar ekan, barcha muammo-yu kamchiliklarni ro‘yi rost aytib, ularni bartaraf etish yuzasidan o‘zlarining takliflarini bildirib o‘tmoqdalar. Mutasaddilarga aniq topshiriqlar va vazifalar bermoqdalar.

Ayni paytda respublikamizda bo‘lgani kabi, Jizzax viloyatidagi  barcha 1325 ta maktabgacha tarbiya muassasalari, 555 ta umumta’lim, 15 ta kasb-hunar maktablari, 19 ta kollej va texnikumlar tegishli mutasaddilar, mahalla faollari, deputatlar, soha xodimlaridan iborat  ishchi guruhlar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqildi. Ulardagi bor muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etishga kirishildi.

Shuningdek, o‘quvchilarni darslliklar bilan ta’minlash, ularni maktabdan-oq kasb-hunarga o‘rgatish, ikki yoki uchta xorijiy tillarni o‘rganishlari uchun zamin tayyorlashga kirishildi.

Prezidentimiz ta’lim sohasidagi islohotlarga to‘xtalib o‘tar ekanlar: «Kimda-kim maktab bu faqat Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining ishi, deb o‘ylasa, mutlaqo yanglishadi. Maktab ta’limi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin», — deb ta’kidlagan edilar.

Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”, degan purma’no so‘zlari yodga tushadi.

Bugun saodatga eltuvchi yo‘l – dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabga, kasblar ichida eng sharaflisi bo‘lgan o‘qituvchiga, yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ekan, ezgu bu amallarning samarasi tez orada o‘zini namoyon qilishiga ishonamiz.

Munisa XOLMATOVA

Jizzax Davlat Pedagogika

Universiteti talabasi,

O’zLiDeP faoli.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    639
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+