Maydon sizga muntazir, yoshlar

09.02.2023, 15:23

Maydon sizga muntazir, yoshlar

O’tgan davr mobaynida Yoshlar parlamenti ertamiz egalarining siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, qonunlarni yoshlar orasida targ‘ib qilish orqali ularning jamiyat hayotiga daxldorligini kuchaytirish, navqiron avlodning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi.

Hususan, o‘tgan davr mobaynida O‘zLiDePdan Yoshlar parlamentiga a’zo yoshlar tomonidan “Yoshlar bilan” loyihasi doirasida 20 dan ortiq qonunlar, Prezident qaror va farmonlari hamda boshqa huquqiy hujjatlarni yoshlarga keng va sodda tilda targ‘ib qilish va yetkazishda, “O‘zLiDeP YOSHLAR MINBARI” telegram manziliga kelib tushgan 150 ga yaqin murojaatni o‘rganish, shundan 60 ga yaqinini ijobiy hal etish va 15 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berishda faol ishtirok etdilar.

O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlar hamda Yoshlar parlamentining oldiga qo‘yilayotgan vazifalar uning tarkibiy tuzilmasi, vazifalarini bugungi kun talablari asosida takomillashtirishni hamda vakolatlari va imkoniyatlarini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan 2022 yil 12 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining qarori bilan Yoshlar parlamenti nizomi va reglamenti tasdiqlandi. Nizomga muvofiq Yoshlar parlamenti 150 nafar a’zodan iborat bo‘lishi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolat muddati tugagunga qadar, biroq ikki yarim yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga o‘z faoliyatini amalga oshirishi belgilandi.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti tarkibini shakllantirishda har bir siyosiy partiya Yoshlar parlamenti a’zoligi uchun nomzodni Qonunchilik palatasiga saylangan deputatning saylov okrugidan ko‘rsatishi alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, nizom bilan Yoshlar parlamenti a’zosining maqomi sifatida a’zoning saylovoldi dasturining bajarilishi bo‘yicha siyosiy partiya va Yoshlar parlamentiga hisobdorligi belgilanib, Yoshlar komissiyasi tomonidan guvohnoma va ko‘krak nishoni berilishi ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘lishi tabiiy: “Yoshlar parlamenti” yoshlarga nima beradi? Ularning kelajakdagi faoliyatiga o‘zining qanday ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi? Eng avvalo, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirok etish imkoniyatini beradi. Ya’ni bu jarayonda yoshlarga ularning hayotiga taalluqli masalalarda Qonunchilik palatasiga taklif kiritish huquqi berilgan.

Shu bilan birga, nizomda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, Spikerning o‘rinbosarlari, tegishli siyosiy partiyalar raisi tomonidan Yoshlar parlamenti a’zolariga davlat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarga ishga qabul qilinishlari jarayonida tavsifnomalar berilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Abdullo ASLONOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining

Yoshlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    241
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+