Muqobil energetika: imkoniyatdan foydalana olsak, marra bizniki

09.02.2023, 15:29

Muqobil energetika: imkoniyatdan foydalana olsak, marra bizniki

Prezidentimizning o‘tgan haftada vodiy viloyatlariga tashrifi mazkur hududlar, umuman, butun yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida, tub islohotlar jadallashuvida ulkan ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari uchrashuvlar chog‘ida mohiyat-e’tibori bilan xalq farovonligi oshishi, iqtisodiyot mustahkamlanishiga xizmat qiladigan ko‘plab ko‘rsatmalar, topshiriqlar berdi.

Bir jihatni alohida qayd etishni istardik: tashrif mobaynida Prezidentimizning aholi talab-ehtiyojini yaxshi bilishi, soha, tarmoqlarni yanada taraqqiy ettirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligidan to‘la-to‘kis xabardorligi va tegishli topshiriqlar berib, ular bajarilishini talab qilishi yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ko‘pchilikka ma’lum: tabiiy gaz, neft, ko‘mir zaxiralari cheklangan. Ularni qazib olish yildan yilga qiyinlashyapti, shu bois narxlari tobora qimmatlashyapti. Ustiga-ustak, mazkur yoqilg‘ilardan foydalanish tabiatga ko‘p ziyon keltiradi.  Aholi soni, turli korxonalar borgan sari ko‘payayotgan sharoitda eng maqbul yo‘l – qayta tiklanuvchi  energiya manbalaridan unumli foydalanish. Mamlakatimizning bu boradagi ulkan salohiyatiga ko‘plab davlatlar havas qiladi. Misol uchun, o‘lkamizda yilning o‘rtacha 320 kuni quyoshli. Doim shamollar esuvchi hududlarimiz, soy, anhorlarimiz ham bisyor. Xalqaro moliyaviy institutlarning hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya (ayniqsa, quyosh quvvati)ning yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yonilg‘i ekvivalentiga teng. Bu real ehtiyojimizdan uch barobar ko‘p. Demak, imkoniyatlardan samarali foydalana olsak – marra bizniki.

Keyingi besh yil ichida soha rivoji uchun huquqiy asos yaratildi. Xorijlik investorlar jalb etilib, ko‘plab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Birin-ketin quyosh va shamol elektr stansiyalari, kichik GESlar ishga tushirilyapti.

Tashrif dasturi doirasida mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor berilgani, Andijon tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lidan qaytmasligimizni, bu yo‘nalishda izchil, ayni vaqtda jadallik bilan ish olib boraverishimizdan dalolat beradi.

Yig‘ilishda  muqobil yo‘sinda energiya ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli yo‘l-yo‘riqlar berildi, aniq vazifalar, choralar belgilandi. Ularning o‘z vaqtida, qay darajada sifatli bajarilishi partiyamiz sa’y-harakatiga ham bog‘liq. Zero, partiyamiz dasturiy maqsadlari sirasidan qayta tiklanuvchan va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, quyosh, shamol energiyasidan sinalgan texnologiyalar asosida generatsiyalanuvchi quvvatlarni, mikrogidroelektrostansiyalarni qurishga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish ham o‘rin olgan. Shuningdek, energiya resurslariga tejamkor munosabatda bo‘lish, energiyani tejovchi texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni aholi orasida targ‘ib qilish ham ustuvor vazifalarimizdan. Binobarin, OʻzLiDeP tashrif davomida bu yo‘nalishda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan maxsus reja ishlab chiqib, uni bajarishga kirishdi.

Partiya hududiy kengashlari ham bu borada ish boshlab yubordilar. Ularning ayrimlarini sanab o‘tamiz:  davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan muqobil energetika inshootlari qurilishi jarayonlari monitoring qilinib, jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, qilinayotgan ishlar muntazam ravishda jamoatchilikka yetkaziladi. Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida shamol elektr stansiyalarini joylashtirish va qurish uchun joylar aniqlanadi va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda shamol oqimlari yo‘nalishlari tahlil qilinadi.

Muxtasar aytganda, partiyamiz kuch va imkoniyatlarini ishga solib, mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi.

Dilshod ShOUMAROV,

OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    304
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+