Do‘stlikda fermer va tadbirkorlar bilan muloqot tashkil etildi

09.02.2023, 16:40

Do‘stlikda fermer va tadbirkorlar bilan muloqot tashkil etildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida bo‘lib, fermerlar va tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi.

Do‘stlik tumanidagi kichik sanoat zonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, deputatlar, partiya faollari, hokimlik va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari, fermer va dehqon xo‘jaliklarida faoliyat olib borayotgan qishloq xo‘jalik xodimlari, tomorqa yer egalari ishtirok etdilar.

Do‘stlik tumani sanoat va qishloq xo‘jaligi jadal rivojlanayotgan ilg‘or hududlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda tumanda turli yo‘nalishlarda jami 460 ta fermer xo‘jaligi faoliyat olib bormoqda. Ularning fidokorona mehnati evaziga har yili paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirilmoqda.

Uchrashuv davomida agrar tarmoqda davom ettirilayotgan islohotlar, jumladan sohada suv ta’minotini yaxshilash, suv xo‘jaligi infrastrukturasini modernizatsiya qilish, paxtachilik va g‘allachilikda bozor tamoyillarini keng joriy etish, ilmiy asosda mahsulot yetishtirish, fermer va dehqonlarimiz manfaatdorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, arzon qishloq xo‘jaligi texniklarini ishlab chiqarish, ularni fermer va dehqonlarimizga imtiyozli shartlarda yetkazib berish, subsidiyalar ajratish va qo‘shimcha moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Yerning har bir qarichidan unumli foydalanish borasida kerakli tavsiyalar berildi.

Ochiq va jonli tarzda o‘tgan muloqotlar chog‘ida, fermer va dehqon xo‘jaliklariga yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va quritish uchun mini texnologiyalarni keng joriy etish masalasi ayniqsa qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu yilgi anomal sovuqlar bunday uskunalarning naqadar zarur ekanligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

-Bugungi uchrashuv chog‘ida fermerlarga tavsiya qilingan sovutgich va quritish uskunalari, kichik mahsulot saqlovchi omborlar qurilishi borasidagi tavsiyalar, bu borada fermerlarga ko‘mak uchun ajratiladigan imtiyozli kredit va subsidiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eshitib, ko‘pchilikda bu loyihalarga katta qiziqish uyg‘ondi, - deydi “Ortiqboy ota” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvahob Yoriyev.

Muloqotdan so‘ng tadbir ishtirokchilari kichik sanoat zonasidagi faol fermerlardan biri – Murtoz Bo‘tayev tomonidan ishga tushirilgan “Dos Milk” sutni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. O’tgan yili 208 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga Yevropadan keltirilgan eng zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan hamda 11 kishining doimiy bandligi ta’minlangan mazkur korxonada ayni paytda 12 turdagi sut mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Tanishuv jarayonida yangi loyihalarni ishga tushirib, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan fermerlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi yana bir bor ta’kidlandi. Fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berib o‘tildi.

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    185
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+