Deputat mahallada sayyor qabul tashkil qildi

10.02.2023, 16:07

Deputat mahallada sayyor qabul tashkil qildi

Kogon shahridagi “Buxoroyi Sharif” MFYda mahalliy Kengash  deputati Nodir Amonov tomonidan tashkil etilgan  sayyor qabul davomida bu yerda hozir bo‘lgan kommunal sohasi, mahalliy hokimlik tizimi mas’ullari, aloqador korxona va tashkilotlarning mutasaddilari tomonidan aholining bir qator murojaatlari ko‘rib chiqildi. 

Sayyor qabul avvalida mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, ayollar faoli hamda profilaktika inspektorining o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi. Kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha aholi vakillariga tegishli ma’lumotlar berildi.

Xalq vakiliga aholi tomonidan hududni obodonlashtirish, ko‘cha va maydonlarni tartibga keltirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, kamxarj oilalardagi bemorlarga zarur dori-darmonlarni yetkazish, endi ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari ajratish, hududda piyodalar yo‘lakchasi barpo etish, talabga ehtiyoj bo‘lgan joylarda suv quvurlari o‘tkazish va boshqa bir qator masalalar yuzasidan murojaatlar qilindi.

Sayyor qabul davomida murojaatlarning ayrimlari o‘z joyida hal etilgan bo‘lsa, ijrosi muddat talab etadiganlari bo‘yicha esa tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilib, ijrosi nazoratga olinadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari sayyor qabul davomida deputat N.Amonov tomonidan fuqarolarning "Tashabbusli budjet"ga taklif bildirishda faol ishtirok etishlari zarurligi hamda muqobil energiyadan foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha ham tegishli targ‘ibot-tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

  • Ko'rildi
    292
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+