Fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi

10.02.2023, 16:21

Fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi

Mamlakatimizda keyingi yillarda hech bir soha davlatimiz, Prezidentimiz e’tiborlaridan chetda emas. Barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Albatta, bular o‘z o‘zidan bo‘lib qolayotgani yo‘q. Bularning barchasiga Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida erishyapmiz.

Hozirgi kunda dehqon va fermerlar sohaga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni ko‘rib, yanada faol mehnat qilishga intilyapti. Xo‘jaligi qoshida qayta ishlash korxonalari ochib, yangi ish o‘rinlari yaratgan holda, yoshlar bandligini ta’minlayapti. Eng muhimi, o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda.

Ammo hozirgi davr qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni yuqori daromad olishiga keng sharoitlar yaratish hamda mahsulot yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish amaliyotini qonunchilikda belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Sababi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunda fermer xo‘jaliklariga yuklangan majburiyatlar hozirgi zamon talabi va islohotlar yo‘nalishiga monand qayta ko‘rib chiqilganida ayrim majburiyatlarni chiqarib tashlash zarurati aniqlandi.

Shundan kelib chiqib, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi bilan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonundagi bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda. Jumladan, fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun uning boshlig‘i qanday tartibda yer uchastkasi olishi kerakligi aniq belgilab qo‘yilyapti.

Shuningdek, loyihaning 17-moddasida fermer xo‘jaligiga yuklatilgan majburiyatlarga tegishli o‘zgartirishlar taklif etilmoqda. Xususan, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlash majburiyati chiqarib tashlanyapti.

Mazkur moddaning sakkizinchi xatboshisida esa tuman irrigatsiya bo‘limi bilan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga muvofiq, suv resurslaridan foydalanish, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rish nazarda tutilmoqda.

Hujjatda tuman irrigatsiya bo‘limlari bilan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnoma talablariga binoan, sug‘orish tarmoqlarini texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi ham o‘z aksini topgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali fermer xo‘jaliklariga yuklatilgan majburiyatlar kamaytiriladi va optimallashtiriladi. Eng muhimi, fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi. Natijada yurtimiz iqtisodi yanada yuksalib, dasturxonimiz to‘kinligi ta’minlanadi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    273
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+