Buxorolik eng munosib yigit-qizlar Yoshlar parlamenti saylovining respublika bosqichiga yo‘llanma oldilar

14.02.2023, 11:37

Buxorolik eng munosib yigit-qizlar Yoshlar parlamenti saylovining respublika bosqichiga yo‘llanma oldilar

Barcha yerda bo‘lganidek, ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroda ham jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida faol ishtirok etish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga o‘tkaziladigan saylovning tuman va shahar bosqichlarida 350 nafar yoshlar faol ishtirok etdilar. Ular orasidan saralab olingan iqtidorli, zukko, tashabbuskor, yangilikka intiluvchi yigit-qizlardan 25 nafari saylovning viloyat tanlovida o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, O’zLiDeP viloyat Kengashi mas’ullaridan iborat  hakamlar hay’ati huzurida o‘z taqdimotlarini o‘tkazgan navqiron avlod vakillari o‘z tanlagan sohalari, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida erishayotgan yutuqlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari esa o‘zlarining hozirgi va kelgusidagi ilmiy izlanishlari yuzasidan ham fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Hakamlar hay’ati a’zolarining savollariga ishtirokchilar tomonidan berilgan javoblar yoshlarning siyosiy dunyoqarashlari keng, mushohadalari teran ekanligini davlat siyosati ahamiyatiga taaluqli ustuvor vazifalar ularni ham befarq qoldirmasligini ayniqsa, Yoshlarga oid davlat siyosati ularning kelgusidagi o‘y-rejalariga mushtarak ekanligini ko‘rsatdi.

Bir qator yoshlarning taqdimotlari talabchan hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ular orasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti MTU Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti 4-bosqich talabasi, Prezident stipendiati Saidjon Bobojonovning “Iqtidorli yoshlar orasida yangi zahira kadrlari: “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz” mavzusidagi taqdimoti hakamlar hay’ati e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Uning javoblaridan ham  tashkilotchilari qoniqish hosil qildilar.

Mamlakatimiz yoshlarining Yangi O’zbekistonni barpo etishdagi roli va o‘rnini belgilash, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirishda, ertangi kunga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlashda, orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishda Yoshlar parlamentiga o‘tkaziladigan saylovlarning ahamiyati beqiyosdir. Ushbu saylovning Buxoro viloyat bosqichida aynan shu jihat ko‘zga yaqqol tashlandi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Madina Baratova. - Ushbu jarayonda qatnashgan  Buxorolik yoshlar ham O’zLiDeP dasturiy g‘oya va maqsadlarini joylarda keng targ‘ib etish bo‘yicha yetarli bilim, tajriba va intellektual salohiyatga ega ekanliklarini istiqbolli taqdimotlari misolida ko‘rsata oldilar.

O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi talabchan va odil hakamlar hay’ati viloyatdagi “23-Buxoro”, “25-Shoxrud” hamda “30-G’ijduvon” saylov okruglaridan nomzodlari ko‘rsatilgan yoshlardan 9 nafarini respublika bosqichida qatnashishga tavsiya etdilar.

  • Ko'rildi
    227
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+