Jizzaxda “yashil iqtisodiyot”ga bosqichma-bosqich o‘tish – taraqqiyotning ustivor yo‘nalishlaridan biriga aylanadi

14.02.2023, 11:49

Jizzaxda “yashil iqtisodiyot”ga bosqichma-bosqich o‘tish – taraqqiyotning ustivor yo‘nalishlaridan biriga aylanadi

Davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi voha iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish istiqbollariga juda katta turtki beradi.

Misol uchun, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishda “yashil energiya”ga alohida o‘rin ajratiladi. Bu esa, kelgusida bosqima-bosqich “yashil iqtisodiyot”ni keng rivojlantirishga zamin yaratadi.

Oddiygina misol, endilikda fermer ho‘jaliklaridagi dehqon uylariga ham quyosh panellari o‘rnatiladi. Tadbirkorlarning o‘z ehtiyojlari uchun       5, 10, 15 Megavattli quyosh stansiyalari qurish tashabbuslarini ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Birgina shu orqali 2023 yilda 30 Megavatt quvvatlar yaratiladi va      28 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. 2023 yilda Zafarobodda jami 2 Megavattli 2 ta kichik GES qurilib, bu yil 2,4 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarishi aytildi.  

Viloyatdagi 10 ming kilometr irrigatsiya tarmoqlari va kanallari salohiyatidan foydalanib, viloyatda yana 3 Megavatt quvvatli mikro GESlar qurish harakatlari boshlanadi.

Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 Megavattli quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga, 2023 yilda 5 million kilovatt soat ta’minlanadi.

Buning uchun, banklar ishtirokida alohida Kompaniya tashkil qilinyapti. Jizzaxda bu kompaniya 5 million dollar hisobiga, 250 ta binoda quyosh panellari o‘rnatib, “yashil energiya” bilan ta’minlaydi. Sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 Megavattli quvvatlar joylashtiriladi. Tadbirkorlarga banklar tomonidan 100 milliard so‘m kredit resurslari ajratiladi.

Aholi xonadonlariga 8 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish uchun, aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatib, ehtiyojidan ortgan har bir kilovati davlat tomonidan bir ming so‘mdan sotib olinadi. Bu tarif hozirda 295 so‘mni tashkil etmoqda.

Bu sohaga bejizga alohida e’tibor qaratilmayapti. Ma’lum qilinishicha, viloyatda elektr yetishmovchiligi 2022 yilda 123 million kilovatt soatga yetdi, 2023 yilda bu raqam 156 million kilovatt soat bo‘lishi kutilmoqda. Viloyatda kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalar uchun salohiyat bor.

Shundan kelib chiqib, Jizzaxda 2023 yilda 270 Megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushiriladi va shuning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig‘i bilan qoplanadi. Buning hisobiga, jami 71 million kub metr gaz tejaladi. 

“Yashil energiya” sohasida viloyatda yirik loyihalar ishga tushirilishi belgilangan. Jumladan, G’allaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi 200 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan, 220 Megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi va bu yil 60 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Kelgusi yilda bu stansiya to‘liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.

Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanadi. Ushbu stansiya to‘liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi.

Jizzaxdagi sanoat zonalari haqida so‘z yuritilar ekan, davlatimiz rahbari mas’ullar oldiga sentabr oyida 80 million dollar investitsiya hisobiga elektromobil zavodi ishga tushirilishi vazifasini qo‘ydi.

Bu misollar, viloyatni iqtisodiy rivojlantirishda “Yashil iqtisodiyot”ga bosqichma-bosqich o‘tish ustivor yo‘nalishlardan biriga aylanishidan dalolat beradi.

Erkin XOLMATOV

Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    294
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+