Mirzo Boburning ibratli hayoti va faoliyati barchamiz uchun umumbashariy qadriyatlar darajasidagi ulkan maktabdir
14.02.2023, 18:42

Shu kunlarda mamlakatimizdagi qariyb barcha tashkilot, muassasalar kabi O’zLiDeP markaziy va hududiy tuzilmalari ham buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazyapti. Fikrimizcha, an’ana-taomilga ko‘ra bunday tadbirlar faqat qutlug‘ sanada emas, balki muntazam o‘tkazilsa, bundan jamiyatimiz ham, davlatimiz ham katta naf ko‘radi. Zero, daho ajdodimizning ibratli hayoti, badiiy ijodda, ilmda, davlat boshqaruvi va harbiy san’at bobidagi faoliyatini targ‘ib qilish xalqimiz tafakkuri, milliy madaniyati yuksalishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub islohotlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz yaratayotgan bugungi Yangi O’zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik va gumanizm g‘oyasi bo‘ladi”.
Ulug‘ siymo haqida gapirganda, avvalo, uning inson sifatida ko‘rgan-kechirganlari, mustahkam davlat barpo etish mahorati va mashaqqatlari, otalik mehri, qarindoshlik an’analari, xarakteridagi tantilik va mardlik kabi sifatlarini o‘rganish va o‘rgatish muhim. Uning ayrim fazilatlarini quyida bayon etamiz.
Avvalo, Boburning o‘ta rostgo‘y inson bo‘lganini tilga olish joiz. “Boburnoma”ni mutolaa qilar ekanmiz, u o‘zining xato-nuqsonlarini xaspo‘shlamagani, barchasini ro‘yi rost yozganiga amin bo‘lamiz. Mirzo Bobur asarlari hanuz G’arb mamlakatlarida ham sevib o‘qilayotgani, qayta-qayta tarjima va yangi nashrlar qilinayotganining sabablaridan biri ham mana shu rostgo‘ylikda. Boburga xos bo‘lgan tanganing har ikki tomonini ham birday ko‘ra olish qobiliyatini e’tirof etish lozim. U kimdir haqida ma’lumot berar ekan, uning fazilatlarini sanay turib, kamchiligini ham unutmaydi. Hatto dushmanlari tasvirida ham ularning qusurlarini sanay turib, loaqal “tab’i nazmi” borligini e’tirof etadi. U zamondoshlarini va biz – avlodlarini aldamagani uchun ham hurmatga loyiq.
Bobur davlatga, mansabga erishib, manmanlikka berilishni, oddiy mehnat ahlini unutishni qoralagan va amaldorlarni kamtarin bo‘lishga, inson qadr-qimmatini o‘ylab ish ko‘rishga chaqirgan. Ruboiylarining birida shunday satrlar bor: “Davlatqa yetib, mehnat elin unutma, Bu besh kun uchun o‘zingni asru tutma”.
Ulug‘ ajdodimiz kishilarni yaxshilik qilishga chaqirar ekan, ularni ilm-ma’rifat, kasb-hunarni egallashga undaydi. Uning ilm-fan fazilati haqidagi qarashlari qator she’rlarida ham, “Boburnoma”da ham ifodalangan.
Boburning ayollarga hurmati va mehribonligi ham kishini lol qoldiradi. Bu tug‘ishgan opasi Xonzoda Begimga ko‘rsatgan izzat-hurmati, opaning taqdiriga achinishlari, favqulodda g‘amxo‘rligi buning yaqqol isbotidir. Yoki katta onasi Eson Davlatbegimga bo‘lgan hurmati-chi?
U kamtar, insonparvar yetakchi sifatida ham nom qoldirgan. Xurosondan qaytayotganda, qishning izg‘irin sovug‘ida qoladi. Safdoshlari tog‘ yonbag‘ridagi g‘orga kirib dam olishni taklif qilishganda ham: “Hamma sovuqda qolib, men pana bo‘lsam, bu insofdanmas”, deya rad qiladi.
Ingliz tadqiqotchisi Uilyam Erskin Bobur hayotini ko‘p yillar davomida o‘rganib yozadiki, insoniyat faoliyatining barcha sohasida unga “osiyolik shahzodalarning hech qaysisi teng kelolmaydi va uning yoniga qo‘yish uchun loyig‘ini topolmaymiz”.
Muxtasar aytganda, Boburning serqirra, ibratga to‘la bo‘lgan o‘ziga xos hayot yo‘li barchamiz uchun umumbashariy qadriyatlar darajasida namuna maktabi bo‘la oladi.
Sardor Maripov,
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri
O'xshash yangiliklar
-
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida
03.06.2023, 13:10
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
Fikringizni qoldiring