Yoshlar parlamenti saylovi: Toshkent viloyatidan eng iqtidorli faol yoshlar Respublika bosqichida ishtirok etadi

15.02.2023, 18:15

Yoshlar parlamenti saylovi: Toshkent viloyatidan eng iqtidorli faol yoshlar Respublika bosqichida ishtirok etadi

Bugun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” tom ma’noda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Toshkent viloyatida ham mamlakat yoshlarini parlament faoliyati va qonun ijodkorligini barcha bosqichlariga jalb etayotgan “Yoshlar parlamenti”ga o‘tkazilayotgan saylovning ikkinchi bosqichi o‘ta qizg‘in ruhda boshlandi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmanova, Atxam Nazirqulov, partiya viloyat Kengashi mutasaddilaridan iborat tarkibdagi odil hakamlar hay’ati birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 31 nafar nomzodlarning taqdim etgan hujjatlari va saylovoldi dasturlarini 2 kun mobaynida sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishdi.

Odil hakamlar viloyat markazidan olis hududlarda yashovchi nomzodlar uchun ZOOM platformasi orqali onlayn hamda offlayn tarzida bevosita suhbatlar ham olib borishdi. Suhbatlar asnosida ularning qonunchilik sohasidagi bilim va tajribasi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflari, partiya faoliyatidagi faolligi, o‘z ortidan yoshlarni ergashtira olish salohiyati, davlat boshqaruviga oid bilim va tasavvurlari, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga doir qarashlari alohida inobatga olishdi.

- Biri jurnalistika, yana biri energetika, yana boshqasi madaniyat va ta’lim sohalarida o‘zining munosib o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan “Yoshlar parlamenti” a’zoligiga nomzodlarni baholash jarayoni oson kechmadi, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Usmanova. - O’ylaymanki, yoshlarimizning siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qilayotgan haqiqiy maydon “Yoshlar parlamenti”da iqtidorli yoshlarning bo‘lishi bizning katta yutug‘imiz bo‘lib xizmat qiladi. Parlamentda yoshlarning shunday salohiyatli vakillari bo‘lishi, ularning siyosiy irodalarini ro‘yobga chiqarishlarida juda muhim. Bugun biz saralab olayotgan yosh parlamentchilarimiz ertaga yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga samarali yordam berishiga ishonchimiz komil”.

“Yoshlar parlamenti” saylovining Toshkent viloyat bosqichiga yetib kelgan nomzodlarning hujjatlari ko‘zdan kechirilib, qonunchilikka doir bilimlari sinovdan o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra yuqori natijalarni qayd etgan 11 nafar nomzodlar saylovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.   

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    378
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+