Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ham eng munosib yosh parlamentchilar saralandi

16.02.2023, 10:12

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ham eng munosib yosh parlamentchilar saralandi

Keyingi yillari  mamlakatimizda  yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda ularning faolligini oshirishga  katta e’tibor qaratilib kelinmoqda. 

Yurtimizda yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligi hamda tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ning tashkil qilinganligi buning yorqin ifodasidir.

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan ham Yoshlar parlamenti saylovining ikkinchi bosqichi Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida ko‘taringki ruhda tashkil qilindi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri, O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi  raisi S.Turmanov,  partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan vakillar, saylov komissiyasi a’zolari, deputat yordamchilari, tegishli okrugdagi tumanlardan tanlab olingan nomzodlar va OAV vakillari ishtirok etdi. 

Saylovning dastlabki bosqichida tegishli okrugdagi tumanlarda tanlab olish orqali o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida qatnashish istagini bildirgan 300 dan ziyod yoshlarimizdan 22 nafarining hujjatlari keyingi bosqichga ishtirok etish uchun saralab olindi.

Nomzodlar bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida ularning qonunchilik borasidagi bilim  va ko‘nikmalari, siyosiy va huquqiy savodxonligi,  qonunchilikni takomillashtirish borasidagi takliflari, partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini  yoshlar orasida kengroq targ‘ib qilishga qaratilgan  taklif va fikrlari, o‘zlarining saylovoldi dasturlarini slaydlar orqali  tushuntirib berishga harakat qildi.  

E’tiborli tomoni, bu yilgi saylovning farqi avval Yoshlar parlamentiga nomzod ikki yilga saylanadigan bo‘lsa, endilikda ikki yarim yilga saylanadi.

Saylov yakuniy bo‘yicha To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Chimboy saylov okruglaridan 6 nafar nomzod saralab olinib, saylovning respublika bosqichiga  qatnashish huquqiga ega bo‘lishdi.  

  O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    197
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+