Olima ayollarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi

16.02.2023, 19:17

Olima ayollarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi

Bugun Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida “Qishloq xo‘jaligi ilm-fani va amaliyotining uyg‘unligida xotin-qizlarning roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmonova, Barno Mirzamova, O’zLiDeP Toshkent viloyat kengashi “Ayollar qanoti”, mazkur institutning Xotin-qizlar kengashi va Olima uyushmasi, O’zbekiston xotin-qizlar “OLIMA” uyushmasi, O’zbekiston “Agrar soha  ayollari” uyushmasi, Toshkent viloyati Oliy ta’lim va Fanlar Akademiyasi ilmiy tekshirish institutlari vakillari hamda olima ayollar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning dasturiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida e’tirof etishdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi olti yilning o‘zida xotin-qizlarning huquqiy mavqeini yuksaltirish, oila institutini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi hamda amalda izchil tatbiq etilmoqda.

Davra suhbatida olima ayollarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur davra suhbati va “Olima ayollar” tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi ham aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilganligini ta’kidlashdi.

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi islohotlar, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida erishilgan amaliy samaralar mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashda, xususan, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishda ulkan omil bo‘lmoqda.

Xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb etish, fan-ta’lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g‘oya va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida har yili 8 mart – Xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari e’lon qilib kelinmoqda. Ushbu tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ilmiy jamoasi tarkibi xotin-qizlardan iborat bo‘lib, yosh olimalar, iqtidorli talaba-magistr qizlar jalb qilinadi. Bu, o‘z navbatida, xotin-qizlarning ilmiy faoliyatga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Raqamlarga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, xotin-qizlar rahbarligida 2021 yilda umumiy qiymati 160,1 mlrd. so‘mlik 109 ta, 2022 yilda umumiy qiymati 109,4 mlrd. so‘mlik 79 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilgan. Hozirgi kunda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xotin-qizlar rahbarligidagi umumiy qiymati 268,4 mlrd. so‘m bo‘lgan 186 ta ilmiy loyihalar ustida ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz xotin-qizlari orasida 6 nafar akademik, 514 nafar fan doktorlari va professorlar, 4780 nafar fan nomzodlari hamda dotsentlar, minglab yosh tadqiqotchilar, katta ilmiy izlanuvchi xodimalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bugungi davra suhbatida respublikamizdagi barcha olima ayollar, soha mutaxassislari va deputatlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi, olima ayollar ilmiy izlanishlarini taqdimotlar orqali namoyon etishdi. Ishtirokchilar tadbir davomida o‘zaro tajriba va fikr almashishdi.

  • Ko'rildi
    218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+