Ijtimoiy soliq to‘lovlari yanada kamaytiriladi

17.02.2023, 10:35

Ijtimoiy soliq to‘lovlari yanada kamaytiriladi

Sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mutaxassis xodimlari va Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan aholi bandligini ta’minlashdagi muammolar o‘rganilganda yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun har oylik ijtimoiy soliq summasining yuqoriligi, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida faoliyat yuritayotgan fuqarolar mehnat stajini hisoblashda ayrim ortiqcha talab va taomillar saqlanib qolayotgani ma’lum bo‘ldi.

O’rganish natijalari tahlil qilinib, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli tartibda hukumatga taqdim etilgan edi.  Prezidentimizning “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham mazkur muammolarning huquqiy yechimi yuzasidan topshiriqlar berilib, tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Ushbu loyiha ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan parlament quyi palatasining majlisida “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi deputatlar tomonidan uch   o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Mazkur qonun bilan Soliq kodeksining 408-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlarning xodimlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan ijtimoiy soliq summasi yiliga BHMning olti baravaridan bir baravari miqdorigacha kamaytirilmoqda. Shuningdek, Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda chorvachilik (qoramol, qo‘ylar, echkilar, otlar va boshqalar), issiqxona xo‘jaligi, parrandachilik (tovuqlar, bedanalar, kurkalar, g‘ozlar, o‘rdaklar), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik (jami 9 ta faoliyat yo‘nalishi) bilan shug‘ullanayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila a’zolari bo‘lgan fuqarolar tomonidan (tomorqa yer uchastkasining maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar) ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga shaxsiy tomorqa yer uchastkasi maydoniga yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan qoramol va parrandalarning soniga qo‘yilgan talablarni ham chiqarib tashlash hamda  shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat yo‘nalishlarini yanada kengaytirishni nazarda tutgan o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya’ni, tomorqa maydonining 4 sotixdan kam bo‘lmasligi, mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida ellik bosh parranda bo‘lishi kerakligi haqidagi talablar chiqarib tashlanmoqda.

Tahlil va hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida soliq imtiyozlari hisobiga 2023 yilda 8,2 mlrd. so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolishi kutilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yollanib ishlayotgan xodimlarga berilgan yengillik evaziga norasmiy tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan 714 ming yollanma ishchining kamida 10 foizi (71,4 ming) rasmiylashtirilgan taqdirda, 22 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ budjetga qo‘shimcha tushishi kutilmoqda.

Mazkur qonun O‘zLiDeP elektorati bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, tomorqa xo‘jaligida mehnat qiluvchi fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lovlari va mehnat stajini hisoblashni yanada soddalashtirishga, ko‘proq ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Mavluda XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    371
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+