Partiyamiz g‘oya va maqsadlari davlat dasturidan yanada ko‘proq o‘rin olishiga intilyapmiz
17.02.2023, 17:14

Keyingi yillarda mamlakatimizda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Shulardan biri – mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lini, istiqbolini belgilab beruvchi, hayotimizning barcha jabhalariga daxldor juda muhim, ko‘lamdor hujjatlarning xalqimiz bilan maslahatlashib, yurtdoshlarimiz fikr-mulohazalari asosida ishlab chiqilayotganidir. Xususan, davlat dasturlari loyihalarining xalq muhokamasiga qo‘yilishi odatiy holga aylandi. Yanada muhimi, o‘tgan yillar tajribasi dasturlardagi eng xalqchil vazifalar fuqarolar bildirgan takliflar asosida vujudga kelishini ko‘rsatdi. Shu bois xalqimizning mazkur jarayonlardagi faolligi yildan-yilga oshib bormoqda. Boshqacha ifodalaganda, xalqimiz yangi islohotlar, o‘zgarishlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda. Ana shu jarayonlarda partiyamiz ham g‘oyat faol ishtirok etyapti.
Ushbu oyda O’zLiDePning barcha bo‘g‘inlardagi tuzilmalari Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini joriy – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokamalarini tashkil qildilar. Partiyamiz faollari, elektoratimiz vakillari mohiyat-e’tibori bilan mamlakatimiz jadal taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yanada oshishiga xizmat qiluvchi 500 dan ziyod taklif bildirdilar. Ilgari surilgan takliflarning muayyan qismi partiya faollari, deputatlarining aholi bilan bevosita muloqotlarida ko‘tarilgan masalalarni aks ettirishini ham ta’kidlash zarur.
Shuni ham qayd etish kerakki, davlat dasturi loyihasining har bir yo‘nalishidan partiyamizning bir qancha asosiy g‘oyalari o‘rin olgan. Odamlar o‘rtaga tashlagan takliflar esa ularni yanada to‘ldiradi, takomillashtiradi. Misol tariqasida xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, aholining turmush darajasini oshirish bo‘yicha doimiy komissiyalar va siyosiy partiyalar deputatlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish hamda mahalliy budjet loyihalarini shakllantirishda ularning kamida 40 foizini mahalliy kengash deputatlari tashabbuslari asosida ishlab chiqilishini ta’minlashni keltirish mumkin. Shuningdek, tadbirkorlarga yanada ko‘proq erkinliklar berish, ularni qo‘llab-quvvatlash, munosiblarini rag‘batlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish borasida ham talay takliflar bildirilgani e’tiborga molik. Mazkur yo‘nalishdagi g‘oyalarning ro‘yobga chiqishi boshqa jabhalar rivojiga ham sezilarli turtki berishiga ishonchimiz komil. Shu singari masalalarning davlat dasturi loyihasidan o‘rin olishi xalqimiz orzu-umidlari amalga oshishiga, partiyaning saylovchilarga bergan va’dalari ijrosi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, dastur loyihasiga takliflar olish borasidagi sa’y-harakatlarimiz yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligi yanada oshganini, O’zLiDeP a’zolari va tarafdorlari partiya g‘oya va maqsadlarini davlat dasturiga yanada ko‘proq singdirishga astoydil intilayotganini yaqqol namoyon bo‘ldi.
Dilshod ShOUMAROV,
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi
raisi o‘rinbosari
O'xshash yangiliklar
-
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida
03.06.2023, 13:10
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
Fikringizni qoldiring