Prezident tashrifidan so‘ng Jizzaxda amaliy ishlar boshlab yuborildi

20.02.2023, 12:32

Prezident tashrifidan so‘ng Jizzaxda amaliy ishlar boshlab yuborildi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 fevralda Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi, vohamizda davom etayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning yanada jadallashuviga katta turtki berdi.

Davlatimiz rahbarining tashrif davomida bergan ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash borasida barcha jabhalarda amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.

Prezidentimizning Jizzax shahrida obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish borasida bergan ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan “Obodonlashtirish oyligi” doirasida, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyat Kengashi, O’zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari viloyat Kengashi, bir qator mutasaddi tashkilotlar hamda mahalla faollaridan iborat ishchi guruh a’zolari, Jizzax shahridagi mahallalarda obodonlashtirish ishlarini jadalashtirish, shu bilan birga, yo‘l chetlarida bo‘sh turgan yerlar va tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish borasida aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqdalar.

Amaliy seminar tarzida tashkillashtirilgan shunday tadbirlardan biri shahardagi Navoiy mahallasi, Archazor ko‘chasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘chani, obod namunali manzilga aylantirish maqsadida yo‘llarga 650 metr, eni 7 metrlik beton qoplama qoplanmoqda.

Yo‘l chetlariga uzum, mevali va manzarali ko‘chatlar ekish bilan birga, turli xil gullar, ro‘zg‘orda ishlatiladigan sabzavot ekinlari, ko‘katlar ekish taraddudi ko‘rilmoqda.

Shu ko‘chada istiqomat qiladigan Nosir ota Zokirov, xonadoniga kirish joylaridan, yo‘l chetlaridan, hovlisidagi har bir qarich yerdan unumli foydalanishga intilayotgan jizzaxliklardan biri. Garchi, ancha yoshni qoralab qolgan bo‘lsa-da, Nosir ota hamon qo‘lida tokqaychi, tinim bilmaydi. Goh tokzorlarni, goh daraxtlarni butaydi. Goh bo‘sh turgan kichkina maydonchalarga ham plyonka qoplab nimadir ekish payida bo‘ladi. Ayni paytda hovli atrofiga turli xil qalamchalar ekilgan. Ota bu qalamchalarni ko‘cha aholisiga ekish uchun tarqatish niyatida.

Aynan shu xonadonda tashkillashtirilgan seminarda Nosir ota kabi faol hamyurtlarimizning ibratli tajribalarni ommalashtirish, mahallada tomorqachilikni rivojlantirishga ko‘maklashish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishchi guruh a’zolari bu kabi seminarlarni shaharning Sayiljoyi mahallasida istiqomat qiluvchi Nori Po‘latov xonadonida ham o‘tkazdilar. O’z uyida tashkil qilingan issiqxonada limonzor tashkil qilgan Nori otaning aytishicha, issiqxonadan kelayotgan daromad oila farovonligiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan aholi murojaatlari ham atroflicha o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot markazi

  • Ko'rildi
    125
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+