Bu yil “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni kimlarga nasib etadi?

20.02.2023, 17:03

Bu yil “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni kimlarga nasib etadi?

Keyingi yillarda O’zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi tub islohotlardan pirovard maqsad, eng avvalo, inson huquq va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishdan iboratdir. Bu borada xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish va shu bilan birga yurt ravnaqi yo‘lida faollik ko‘rsatib kelayotgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Buning yorqin misoli sifatida Prezidentimizning tegishli Farmonida jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan va munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlar uchun “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini ta’sis etilishi bo‘yicha bergan topshiriqlarini keltirish mumkin. Farmonga binoan, 2018 yilning 2 aprelida Vazirlar Mahkamasining “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 257-sonli qarori qabul qilindi va unga ko‘ra «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishonini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida topshirish belgilab qo‘yildi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilning 7 martdagi PF-87-sonli Farmoniga ham bu vazifa alohida topshiriq sifatida kiritildi.

 “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoniga ko‘rsatilgan nomzod mahalla, o‘zi faoliyat yuritayotgan jamoa, tuman (shahar), viloyat va respublikada o‘zining salohiyati, ijtimoiy faolligi bilan namuna bo‘lgan, oilalarning mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan, aholi salomatligini mustahkamlash, jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan bo‘lishi kerak.

Hozirgi kunda jamiyatimizda erkaklar bilan bir qatorda faoliyat olib borayotgan va yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan hislatlar sohibalari ko‘plab topiladi. Respublika komissiyasi a’zosi sifatida ularning mehnatlari haqiqatdan ham maqtov va mukofotlarga loyiq ekanligini e’tirof etmay va tan olmay ilojimiz yo‘q. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak tarixda To‘maris, Bibixonim va Nodirabegim kabi buyuk ayol siymolari borki, ularning biri buyuk davlat hukmdori va qo‘mondon bo‘lsa, boshqasi Temurni Temur qilgan Saroymulkxonimdir, yana boshqasi adabiyot sohasining yirik namoyondasi shoira Nodirabegim bo‘lgan. Shuningdek, tarixdan ota-bobolarimizning ayolning millat va jamiyat rivojida o‘rni beqiyosligini tan olganlarini ham ko‘rsak bo‘ladi. Jumladan, jadidlar millatni yo‘q bo‘lishidan cho‘chigan holda millat ayollarini bilimli voyaga yetkazish bilangina millatni qayta tiklash mumkinligiga ishonishgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.

Bugungi kunga qadar yurtimizda 577 nafar ayol “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Joriy yilda ham hududiy komissiyalar tomonidan 761 nafar ayolning tegishli hujjatlari respublika komissiyasiga taqdim etildi.

Respublika komissiyasi a’zosi sifatida kuni kecha bo‘lib o‘tgan komissiyaning yig‘ilishida ishtirok etdim. Komissiya a’zolari tomonidan nomzodlarning hujjatlari birma bir chuqur o‘rganib, tahlil qilib chiqildi. Har bir nomzodning hujjati bilan tanishar ekanmiz, shunday matonatli, oqila, fidoiy ayollarimiz borligidan fahrlanib ketdik. Nomzodlarning hammasi ham juda munosib, lekin tanlov tanlovda bari bir.

Komissiya a’zolari tomonidan har bir tuman, shahardan bir nafardan, respublikamizning 14 ta hududidan esa ikki nafardan ayollarning hujjatlari adolatli baholanib saralab olindi. Barcha vazirliklardan berilgan nomzodlarning xujjatlari xam o‘rganilib chiqildi  va bir nafardan munosib ayollar saralab olindi.

Ishonamanki, joriy yilda ham mukofot o‘zining munosib egalarini topadi va xotin-qizlarimizning Vatan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishida, farzand tarbiyasidagi mas’uliyatli vazifasini vijdonan bajarishida  ilhom bag‘ishlaydi.

Mavluda Xo‘jayeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O’zLiDeP  Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 Ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari

 

  • Ko'rildi
    569
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+