Viloyatdagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tariladi

21.02.2023, 10:05

Viloyatdagi islohotlar yangi bosqichga  ko‘tariladi

So‘nggi yillarda Buxoro viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarni erkinlashtirish, inson qadrini ulug‘lash hamda aholini farovon yashashi uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, aholi daromadlarini oshirish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan soliq islohoti, ochiq va jamoatchilik takliflarini inobatga olgan holda davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, davlat korxonalarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish va resurslarni taqsimlash tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish, ayollar bandligini ta’minlash va viloyatdagi klasterlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish  kabi qator islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining mahallalar hayoti va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish, yangi loyihalarni ishga tushirish hamda hududlarni rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qilish maqsadida Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida “Hamma joyga borib, sohalarga turtki berib, muammolarni hal etib, xalqni rozi qilishga harakat qilyapmiz” deb aytgan so‘zlari O’zLiDePning barcha faollariga yangicha yondashgan holda ish yuritishga da’vat etdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’lumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, muqobil energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish va tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish, sohaga yuqori texnologiyalarni jalb qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Prezidentimiz tomonidan aynan shu muhim masala bo‘yicha mutassaddi tashkilotlarning rahbarlariga topshiriqlar berganligi viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishda ham, xalqimiz turmush farovonligini oshirishda ham muhim o‘rin tutishi turgan gap. Ushbu masala bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish doirasida davlatimiz rahbari viloyatimizning G’ijduvon, Jondor, Romitan tumanlari hamda Buxoro shahrida 6 ta yangi korxonani hamda viloyat markazida to‘rt yulduzli mehmonxonani ishga tushirish bo‘yicha ramziy tugmani bosib bu korxonalar faoliyatigi rasman start berganini nazarimda butun Buxoro xalqi mamnuniyat bilan kutib oldi. Ipakchilik, to‘qimachilik, parrandachilik, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va turizm tarmoqlariga ixtisoslashgan mazkur korxonalar ishga tushirilgach, ularda jami 3500 ta yangi ish o‘rinlarini yaratiladi. Natijada viloyat ishlab chiqarishiga 850 mlrd so‘m qo‘shiladi.

Prezidentimiz tomonidan klasterlar rahbarilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida klasterlar faoliyatida ham muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari klaster egalari va tadbirkorlarga yuzlanar ekan, -“Ilm bilan hamohang yurgan odamni xatosi kamroq bo‘ladi” – deya ta’kidladi.

E’tiborli jihati shundaki muqobil va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, energiya tejamkorligi masalasida Buxoro davlat universitetida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Universitetda 900 Vt quvvatga ega avtonom quyosh fotoelektrik elektrostansiyasi barpo qilindi. Buning yordamida 1 ta svetofor, darvozaga o‘rnatilgan shlagbaum va 4 ta 100 Vt li projektorlar ishlab turibdi. Mazkur stansiya universitet tomonidan 29 mln so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi. Talabalar turarjoyi issiq suv ta’minotida quyosh energiyasidan foydalanish maqsadida 10 ta 200 litrli, umumiy issiq suv hajmi 2200 litrni tashkil qiladigan kollektorlar o‘rnatildi. Qurilmalar uchun universitet tomonidan 105 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Universitetning bosh binosi tomida har birining yuzasi 2,6 m2 bo‘lgan 182 ta 550 Vt lik, umumiy quvvati 100 kVt bo‘lgan monokristal quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, 473 m2 maydonni egallagan. Bu quyosh fotoelektrik stansiyaning qiymati 1 mlrd. 200 mln. so‘mni tashkil qiladi.

Iqtisodiyot rivojlanib, korxonalar ko‘payishi bilan energiya resurslariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun barcha hududlarda bunday quvvatlarni oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, o‘tgan yili «Aksa Enerji Bukhara» tomonidan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. U 150 million AQSh dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya evaziga barpo etilgan. Uskuna va jihozlar Turkiyadan keltirilgan bo‘lib, 150 kishidan ortiq aholi bandligi ta’minlangan. Stansiya quvvati 270 Megavatt. Bu yiliga 2 milliard 200 million kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish, viloyatning 60 foiz iste’molini qoplash imkonini beradi.

2023 yilda Buxoroda yillik elektr iste’moli 4,3 milliard kilovatt soatni tashkil etib, taqchillik 150 million kilovatt soat bo‘lishi kutilayotganini inobatga olib, mutasaddilarga viloyatda taqchillikni qoplash bo‘yicha mamlakatimiz rahbari tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Umuman olganda, O’zLiDeP faollari, mahalliy Kengash deputatlari, shahar va tumanlardagi barcha maslakdoshlarimiz Prezidentimizning Buxoroga navbatdagi tashrifi davomida berilgan barcha ko‘rsatmalarni o‘z partiyaviy faoliyatlarida keng qo‘llab, viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadilar.

 Obidjon XAMIDOV,

Buxoro Davlat universiteti rektori,

O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    100
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+