“Klasterlar xalqchil va xalqparvar bo‘lishi kerak”
21.02.2023, 15:52

Prezidentimizning shu yil 17 fevral kuni Buxoroga navbatdagi tashrifi doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan peshqadam klasterlarning rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, ularga qarata “Mayli boy bo‘lsin, faqat hayot bilan birga. Xalq bilan birga” deb aytgan so‘zlariga javoban, endilikda sohaning har bir xodimi el-yurt ma’murchiligi, Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi desam, adashmagan bo‘laman.
Darhaqiqat, klasterlar rahbarlari eng avvalo barchamizga rizq-ro‘z ulashgan, ona yurtimizni va unda yashayotgan bunyodkor xalqimizning quvonch- tashvishlarini qalban his etishi va o‘z hamyurtlariga madadkor bo‘lishlari, ularning bandligini ta’minlash va shu tariqa boy va badavlat bo‘lib hayot kechirishlariga erishishi zarur deb uylayman.
Viloyatimizda bugungi kunda 11 ta paxta to‘qimachilik klasterlari bo‘lib, o‘tgan 2022 yilda ular tomonidan salkam 99 ming gektar yerda 358 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilgan. 2 trl 36 mlrd so‘mlik 36 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilgan. 3600 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Tashqi bozorga qariyb 77 ming dollarlik mahsulot eksport qilinganligi ham mavjud klasterlarda mehnat qilayotgan ishlovchilarning g‘ayrat-shijoati samarasidir. Klasterlar rahbarlari bilan o‘tkazilgan samimiy suhbatda Yurtboshimiz ularga juda katta ishonch bildirdi. Soha xodimlarining bugungi kunda xalqparvar bo‘lishlari zarurligini qayta-qayta ta’kidladi. Chindan ham, Prezidentimizning keyingi 5 yilda klasterlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan Farmon va qarorlari, mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar tom ma’noda joylardagi klasterlarning “qaddini tutib” olishlarida muhim ahamiyat kasb etdi. Endigi ustuvor vazifa esa Prezidentimiz uqtirganidek, klasterlarning xalqchil va xalqparvar bo‘lishlariga erishishdan iboratdir.
Men Peshku tumanidagi “Malishoyak” ko‘p tarmokli fermer xo‘jaligini 25 yildan buyon boshqarib kelyapman. Yurtboshimiz biz fermerlar va klasterlar rahbarlari bilan qilgan yuzma-yuz muloqoti chog‘ida bizni qiynayotgan muammolarni tingladilar. Biz o‘z navbatida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarimizni ham bildirdik. Fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladigan paxta xom ashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot holiga keltirish men singari fermer xo‘jaligi rahbarlarining ko‘p yillik orzusi edi. Mana 5 yildirki mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim klasterlar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Agroklasterlar bilan tuzilgan o‘zaro manfaatli shartnomalar asosida olib borayotgan faoliyatimiz o‘z amaliy natijasini berib turibdi. Shu tariqa o‘tgan 2022 yilda 44 gektar maydonda paxta yetishtirib, hosildorlikni gektar boshiga 44 sentnerga yetkazishga erishdik. 2 mlrd so‘mlik olingan daromad yerlarni lazer kilishga, konturlarni kengaytirishga, fermer xo‘jaligi ishchilarini ijtimoiy himoya qilishga, xo‘jaligimiz huzurida barpo etilgan 100 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti xarajatlarini qoplashga sarflandi. Bundan tashqari fermer xo‘jaligidagi tasarrufidagi 7 gektar yerni 43 nafar fukarolarning har biriga 15 sotixdan e-auksion orqali ajratib berib, ushbu maydonlarda sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Shu tariqa aholini ish bilan ta’minlab, kambag‘allikni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, fermer xo‘jaligimizdagi 60 gektar yer atrofida tut va tok ko‘chatlarini ekishni tashkil etganimiz ham o‘z samarasini beryapti.
Ma’lumki viloyatimizning aksariyat ekin maydonlari sho‘rlangan bo‘lib bu dehqonchilikda muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Shuni hisobga olib, yerning sho‘rini yuvish va bartaraf etish maqsadida tut va tok ko‘chatlari ekishga ko‘proq ahamiyat beryapmiz. Faoliyatimning dastlabki yillarida bor yo‘g‘i 1,5 gektar maydonda dehqonchilik qilgan bo‘lsak, bugungi kunga kelib xo‘jaligimizga qarashli 100 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiryapmiz.
Prezidentimizning viloyatimizga tashriflari chog‘ida klasterlarning rahbarlariga berilgan maslahat va ko‘rsatmalar, eng muhimi ularga bildirilgan yuksak ishonch meni ham ruhlantirib, kelgusida klaster tizimi vakillaridan biri sifatida samarali faoliyat olib borishga da’vat etmoqda. Toki klaster tizimi Yangi O’zbekistonning sinalgan hayotiy ehtiyoji sifatida o‘zini to‘liq oqlaydigan va shu tariqa yurtdoshlarimizning boy va farovon yashashlarini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadigan bo‘lsin.
Sanam Jumayeva,
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi
“Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
O'xshash yangiliklar
-
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida
03.06.2023, 13:10
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
Fikringizni qoldiring