Mamlakatlar hamda mintaqalar orasida hamkorlik ko‘prigi

22.02.2023, 15:01

Mamlakatlar hamda mintaqalar orasida hamkorlik ko‘prigi

Afrika va Osiyo o‘rtasida strategik mavqega ega bo‘lgan Misr O’rta yer dengizidan Hind okeaniga Suvaysh kanali orqali suv transportining o‘tishini ta’minlaydi. Qizig‘i shundaki, Misrning ko‘p sohalarda barqaror rivojlanishi, mavjudligi suv resurslariga bog‘liq bo‘lgan Nil daryosining nazorati bilan bog‘liq. Xususan, Suvaysh kanali iqtisodiy zonasi O’zbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishga xizmat qilishi mumkin. O’zbekiston va Misrni, garchi oradagi masofa uzoq bo‘lsa-da, tarixiy-madaniy mushtaraklik va an’anaviy do‘stlik birlashtirib turadi. Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohandir.

Bugungi kunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi mustahkam ishonchli va do‘stona munosabatlar O’zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ikki davlat Prezidentlarining 2018 yildagi uchrashuvi O’zbekiston va Misr hamkorligi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uchrashuvda erishilgan kelishuvlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan va turizm hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Har ikki davlat xalqaro maydonda faol hamkorlik qilib, bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Misr – arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan davlat sifatida tarixga kirgan. O’zbekiston Misr bilan xalqaro maydonda ilk diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan davrdan boshlab, to hozirgi vaqtga qadar ishonchli hamkor ekanligini namoyon etdi.

O’zbekiston va Misr Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bularning barchasi O’zbekiston Misrni nafaqat Afrika mintaqasi va xalqaro maydondagi muhim hamkor, balki arab-musulmon olamining yetakchi davlatlaridan biri sifatida yaxshi bilishining isbotidir.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham ahamiyatga molik. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligidir. Buyuk ajdodimiz Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, o‘lmas kashfiyotlar qilgan. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan O’zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida faol hamkorlik o‘rnatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida shu va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. To‘liq ishonch bilan qayd etish mumkinki, davlat rahbarlarining muloqoti ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun asos bo‘ldi. Fikrimizcha, bu yaqin kelajakda siyosat, xavfsizlikni ta’minlash, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlashga hizmat qiladi. Tomonlar, shuningdek, korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Shavkat Mirziyoyevning Misrga tashrifi doirasida qator hujjatlar imzolandi. Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni qabul qildilar. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari, O’zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Misr Investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi o‘rtasida imzolangan hamkorlikka oid hujjatlar shular jumlasidandir.

O’z navbatida, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidlash joiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar haqida gapiradigan bo‘lsak, 2021 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 33,9 million dollarni tashkil etgan. 2022 yilning oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 37,3 million dollarni tashkil qilganini qayd etish mumkin. O’zbekistonda Misr kapitali ishtirokida 12ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkichlar va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar hajmini qoniqarsiz deb baholash mumkin.

So‘nggi tashrif doirasida yangi imkoniyatlar yaratilib, tovar ayirboshlash hajmini o‘n barobarga oshirish uchun zaxiralar belgilab berildi. O’zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida O’zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishning muhim omili tashqi bozorlarga tez va qulay chiqishni ta’minlaydigan transport yo‘laklarini rivojlantirish hisoblanadi. Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O’zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari alohida muhokama qilindi. O’zbekiston Misr mahsulotlarini Markaziy Osiyo, Misr esa Afrika qit’asi bozorlariga eksport qilishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tay oladi. Xususan, Suvaysh kanali iqtisodiy zonasi O’zbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishga xizmat qilishi mumkin.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    133
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+