Bahorning har dami g‘animat

23.02.2023, 17:10

Bahorning har dami g‘animat

Qishning izg‘irini ahyon-ahyonda etlarni junjiktirsa-da, dalalarda  bahor nafasi  sezilib qoldi. Qishloq odamlari kunlar isishi bilan dala ishlariga kirishdilar. Ariq-zovurlarni tozalash, yerlarni tekislash, dala chetlariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari jadallik bilan olib borilayapti.

Aktam Xaitov Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan bahorgi dala yumushlari bilan tanishdi. Tuman fermerlari bilan muloqotda bugunning har damidan samarali foydalangan holda, qarovsiz yotgan dalalar chetlariga tut va tok ko‘chatlari ekishni jadallashtirish borasida maslahatlar berdi. 

- Bog‘larni yashartirib turish, olinadigan hosil sifatli va mo‘l  bo‘lishini ta’minlaydi, - dedi Aktam Xaitov. – Bog‘bonlar bunga ahamiyat qaratishlari kerak. Tezkor zamonda pakana va yarim pakana daraxt ko‘chatlari ekish yaxshi samara beradi. Biz ko‘rib turgan mazkur bog‘dagi daraxtlar yoshini o‘tagan, hosildorligi ham o‘ziga yarasha bo‘lsa kerak. Ular o‘rniga pakana navli bog‘lar yaratish kerak. Agar mana shu maydonda pakana navli daraxtlar bo‘lganda, hosildorlik ikki baravar ko‘paygan bo‘lardi.  Xalqimizda bahorda bir kun ishlagan, qishda qirq kun yotib yeydi degan  maqol bor. Oltinga teng yerimiz bor. Tomorqalardagi bir qarich yer ham bo‘sh qolmasligi kerak. Aholi o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ishlarning mazmun-mohiyatni tushuntirishda partiyamiz faollari, deputatlarimiz  jonkuyarlik qilishlari kerak. Bir tup tok ko‘chati ellik kilogacha uzum berish mumkin. Faqat ekish, sug‘orish va vaqtida oziqlantirib turish kerak. Pillachilikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan tut ko‘chatlarini ko‘chalarga, dala chetlariga ekishni jadallashtirish kerak.  Hozir yerga nimaiki qadasangiz, ko‘karib chiqadi. Manzarali daraxtlar chor atrof musaffoligni ta’minlash barobarida cho‘l sharoitida ekinlarni saraton garmsellaridan asraydi.

Aktam Xaitov fermerlar bilan muloqotda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan taklif etilayotgan qishloq xo‘jalik texnikalari va asbob uskunalari , intensiv bog‘, tokzorlar va issiqxonalar loyihalariga buyurtma berish, taqdim etiladigan zaruriy hujjatlar, moliyalashtirish va monitoringi hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Partiya yetakchisi dala chetiga tut va tok ko‘chatlari ekdi. “Baxt” fermer xo‘jaligiga jamg‘arma resurslaridan baliqchilik xo‘jaligi, intensiv bog‘, mevalarni saqlashga mo‘ljallangan 100 tonnalik sovutkich,  mevali qayta ishlab sharbat ishlab chiqaradigan sex qurilishi uchun 1,5 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilishini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilariga “Fermerlar uchun ma’lumotnoma” kitobi tuhfa etildi.  

  • Ko'rildi
    160
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+