Klasterlar boqimandalikka chek qo‘yib, erkin va samarali mehnat qilishga undaydi

23.02.2023, 17:12

Klasterlar boqimandalikka chek qo‘yib, erkin va samarali  mehnat qilishga undaydi

Mamlakatimizda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasiga klasterlarni keng tatbiq etish orqali sohada qator yutuqlarga erishilayotganligini hammamiz ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, bu borada qonuniy asoslarning yaratilayotgani yanada ko‘proq imkoniyatlar uchun yo‘l ochmoqda.

Xususan, klaster tizimini joriy etish, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini yaratish va tomorqa xo‘jaligi amaliyotini kengaytirish nafaqat hosildorlikni, balki qishloqda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Klaster – urug‘ni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan ishlarni birlashtiruvchi tizim bo‘lib, bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida bu tizim qo‘llaniladi.

Boisi bu tizim dehqonlarimiz, agrar soha vakillariga yangicha zamonaviy uslubda ishlashni o‘rgatdi. Hosildorlik, daromadni oshirdi. Klasterning mohiyati shuki, uning tarkibidagi xo‘jaliklar, korxonalar, muassasalar xomashyoni yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot vujudga kelishi va uni sotishgacha bo‘lgan jarayonda bitta yaxlit jamoaga birlashadi.

Xorijiy davlatlarda klasterlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida allaqachon yetakchi tizimga aylangan. Masalan, AQShda xususiy sektordagi odamlarning 30 foizdan ortig‘i, Shvetsiyada mehnatga layoqatli fuqarolarning 39 foizi klasterlarda ishlaydi.

Shu o‘rinda klaster bizga qanday naf keltiradi, uning afzallik tomonlari nimada? Hozir bu tizim qay darajada o‘zini oqlamoqda?, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.

Avvalo aytish kerakki, bu tizimning qulay tomonlari juda ko‘p. Masalan, xomashyo yetishtirish, uni tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish – bularning barchasi bitta sub’ekt tomonidan amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot ham arzon, ham sifatli bo‘ladi.

Shuningdek, xo‘jaliklar, korxonalarning tizimli zanjiri tashkil qilinishi evaziga turli yo‘qotishlar kamayadi va xomashyoga muhtojlik singari holatlar barham topadi. Eng muhimi, qishloqlarda aholining ish bilan ta’minlash imkoniyati kengayadi.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2022 yilda respublikada 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritib, 1 032 ming gektar yer maydonlarida jami 3,5 mln. tonna paxta xomashyosi yetishtirilgan. Hosildorlik o‘rtacha 34 sentnerni tashkil etgan. Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan qiymati 10,9 trln. so‘mlik 371 ta investitsion loyihalar amalga oshirilishi natijasida 36 ming ish o‘rinlari tashkil etilgan.

O’tgan 2022 yilda g‘allachilik klasterlari soni 38 taga oshib, 195 taga yetdi. Klasterlar va ular bilan shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 2022 yil hosili uchun 928 ming gektar yer maydonida g‘alla parvarishlanib, 6 496 ming tonna g‘alla o‘rib-yig‘ib olindi. Asosiysi, g‘allachilik klasterlari tomonidan 555 mlrd. so‘mlik 87 ta investitsion loyiha amalga oshirilgani hisobiga 503 ming tonnalik yangi quvvatlar ishga tushirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda jami 261 ta meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga 181,2 ming gektar yer maydonlari biriktirib berilgan. Klasterlar tomonidan 2022 yilda jami 1,4 mln. tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, 454,4 ming tonna ichki iste’molga, 630 ming tonna qayta ishlashga hamda qiymati 265 mln. dollarlik 315,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportga yo‘naltirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda klaster tizimi o‘zini oqlayapti, yaxshi natija beryapti, deyishga yetarli asoslar bor. Lekin ish bor ekan, muammolar ham yuzaga kelishi tabiiy. Bu esa o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rishni taqozo etadi.

Xususan, yoqilg‘i moylash materiallari maxsulotlarining qimmatligi va taqchilligi sababli paxta yetishtirish tannarxi oshib bormoqda. Qolaversa, fermer xo‘jaliklarini o‘z vaqtida yetarli YoMM bilan ta’minlashda ham muammolar bor.

Shuningdek, g‘allachilik klasterlari va mahsulot yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuziladigan fyu’chers shartnomalarining huquqiy majburiyatini va nazorati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Birinchidan, klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi fyuchers shartnomalarining mutasaddilar bilan kelishilgan shaklda namunaviy loyihasini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarda shartnoma tuzish erkinligini buzish, shartnoma tuzishga majbur qilish holatlari uchun javobgarlik belgilash kerak.

Ikkinchidan, shartnomalarni qog‘oz shaklda tuzishdan voz kechish va elektron tartibda, yagona axborot portalida ro‘yxatdan o‘tkazish, uning ijrosini doimiy monitoring qilib borish bo‘yicha tizim yaratish zarur.

Uchinchidan, fermer xo‘jaliklariga va paxta-to‘qimachilik klasterlariga imkoniyat yaratish maqsadida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasiga egalik huquqi bo‘lgan fermer va klasterlarga imtiyozli kreditlar ajratilishini belgilash lozim.

Umuman olganda, bugun klaster tizimi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olmoqda. Mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan katta e’tibor aholi bandligini ta’minlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, mahsulotlarning ham arzon, ham sifatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Zotan, klasterlar boqimandalikka chek qo‘yib, erkin va samarali mehnat qilishga undaydi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    106
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+