Deputat namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda qanday masalalar yuzasidan fikrlashdi?

24.02.2023, 16:44

Deputat namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda qanday masalalar yuzasidan fikrlashdi?

Aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarning deputatlar tomonidan joylarga chiqib o‘rganilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Albatta, xalq vakillarining aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlari muammolarga yechim topishda qo‘l kelmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamovaning Namangan shahridagi maktablar, ta’lim muassalari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholi bilan uchrashuvi va yuzma-yuz muloqotlari ham muammolarni o‘rganish bilan birga yechim izlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi.

Deputat Namangan shahridagi 88 - maktab jamoasi bilan uchrashar ekan, garchi ta’lim muassasasi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsada, darslar 2 smenada olib borilayotgani, qo‘shimcha binoga ehtiyoj mavjudligi ma’lum bo‘ldi. 315 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda 704 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olayotgani deputatni befarq qoldirmadi. Shahardagi 74 – maktab ham 840 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 2 smenada 1600 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. To‘g‘ri, maktabga 2022 yilda yangi oshxona qurilib, foydalanishga topshirildi. Ammo maktabga jihoz olish, joriy ta’mirlashda muammolar ko‘zga tashlanib turibdi.

Barno Mirzamova Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishish jarayonida “Balans-Teks”,  “Vestem-Tekstil”,  “S-Goldn-Stovn” kabi kichik korxonalar rahbarlarining fikr-mulohazalari, taklif va muammolarini o‘rgandi va zarur tavsiyalar berdi. Shu kuni deputat saylov okrugi hududidagi hunarmand va tadbirkorlar bilan uchrashdi, 2022 yilda foydalanishga topshirilgan 16-oilaviy poliklinikada yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Poliklinika 250 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 18 nafar shifokor 37869 nafar fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ammo bu shifo maskani uchun tez tibbiy yordam avtomobiliga ehtiyoj mavjudligi aytib o‘tildi.

“Objuvoz”, “Kelajak tongi”, “Nurli kelajak” mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda  aholi tomonidan elektr ta’minotini yaxshilash, ichki ko‘chalarni asfaltlash, suyultirilgan gaz ballonlarini joylarga vaqtida yetkazish, maishiy chiqindilarni tashib ketuvchi transportlar sonini ko‘paytirish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurish kabi masalalar ko‘tarildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat Barno Mirzamova saylovchilarga aholini qiynab kelayotgan bu kabi masalalar tegishli tashkilotlar orqali hal etish choralari ko‘rilishini aytib o‘tdi. Eng muhimi esa, xalqni tinglash, fikrlarini eshitish hamda ular bilan muloqot jarayonlarini tashkil etishning ahamiyati katta. Zotan, xalq bilan muloqotlarda haqiqat yuzaga chiqadi, yechim topish harakatlari boshlanadi. Muhimi ham aslida shu.

  • Ko'rildi
    242
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+