Ishli bo‘lish xotin-qizlarga ma’naviy hamda moddiy kuch bag‘ishlaydi

24.02.2023, 17:56

Ishli bo‘lish xotin-qizlarga ma’naviy hamda moddiy kuch bag‘ishlaydi

Prezidentimizning har galgi tashrifi vohamizda yangi-yangi tashabbuslar sari yo‘l ochadi.  Bu galgi tashrifda davlatimiz rahbari 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Yangi Batosh mahallasiga tashrif buyurdilar. Keyingi yillarda mahalla hududi obodonlashtirildi, yangi-yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshladi. To‘qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari ishlab turibdi. 

Mazkur hududdan saylangan viloyat kengashi deputati sifatida saylovchilarim bilan muloqotlarda yoshlar o‘rtasida ishsizlik dolzarb muammo ekanligini juda yaxshi bilaman. Aholi turmush sharoitini xonadonma-xonadon o‘rganish chog‘ida juda ko‘pchilik ayollar menga ish so‘rab murojaat etishadi. Ular orasida chevar, hunarmandlari juda ko‘p. Ba’zi hollarda ularni ishga joylashtirishda katta qiyinchiliklarga duch kelganman. Chunki hududda tadbirkorlik sub’ektlarini hisobga olmaganda, yirik sanoat korxonalari deyarli yo‘q hisobi. Tashkil etiladigan kasanachilik markazi xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi qator muammolarni yechimiga yaqindan yordam beradi. Prezidentimiz markazda yoshlar va xotin-qizlar uchun hunar o‘rgatish borasida qilinayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mahalliy hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdilar.

 Yangi Batoshdan tashqari unga tutash Batosh, Xoniyon, Taraqqiyot, Dasht, Jumabozor kabi mahallalarda istiqomat qilayotgan 24 mingdan ortiq aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan mazkur markazda nafaqat tikuvchilik, charmdo‘zlik, gilamchilik mahsulotlari tayyorlanadi, balki uyda o‘tirgan xotin-qizlarga kasanachilik orqali hunar o‘rgatilib, bandligi ta’minlanadi. Markaz ko‘magida hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlab, qiziqish va xohishlariga ko‘ra yo‘nalishlar bo‘yicha ustalarga biriktirishni rejalashtirayapmiz. Endi kasanachilar ishga kelishi shart emas. Agar buyurtmalarni o‘z vaqtida tayyorlab, sifatli mahsulot ishlab chiqarishni eplasa bemalol uyida ishlashi mumkin. Ular dastgoh va zarur xom ashyo bilan ta’minlanishadi.  Buyurtmachi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar hokim yordamchisi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi”ga kiritiladi. Bu bilan minglab yoshlar va xotin-qizlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan mehnat stajiga ega bo‘lish barobarida hunarlari ortidan farovon yashash baxtiga muyassar bo‘lishadi.

Prezidentimiz odamlar uchun hunar o‘rganishda mahalla an’anasidan samarali foydalanish zarurligini alohida ta’kidladilar. Darhaqiqat, kasanachilikni rivojlantirib, ustoz-shogird asosida yigit-qizlarga hunar o‘rgatish borasida sezilarli yutuqqa erishish mumkin. Bandligi ta’minlangan ayol dunyodagi eng baxtli ayol hisoblanadi. Mazkur hudud tajribasi vohaning boshqa tumanlarida ham amaliyotga qo‘llansa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashda yaqindan yordam beradi.

 Ishonamanki, yaqin oylarda Qarshi tumanida yashovchi xotin-qizlar islohotlar samarasini o‘z hayotlarida misolida ko‘rib, ishli bo‘lib, Yangi O’zbekistonimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shish baxtiga muyassar bo‘ladilar.

 Ismigul Xushmurodova,

Xalq deputatlari Qashqadaryo

viloyat kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    289
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+