Sarishtali xonadonda baraka bo‘ladi
27.02.2023, 12:56

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Mirishkor qishlog‘idagi faxriy o‘qituvchi Qurbon Namozov xonadonida bo‘ldi.
Xonadon sohibi 43 yil makatabda yoshlarga matematika fanidan saboq bergan, ayni paytda nafaqada bo‘lsa-da, saharmardondan qo‘ylarni dalaga haydaydi. Bolalariga bosh bo‘lib, tomorqada ishlaydi, bog‘larni parvarish qiladi. Tomorqasida 300 tup mevali daraxt, 70 tok tok parvarish qilinmoqda. Olmaning ertapishar jovpazak turidan 22 tup bo‘lib, birinchilardan bo‘lib bozorga chiqarishadi. Tomorqa va bog‘dan olinayotgan sof daromad 50 million so‘mdan ortiq. 50 bosh parranda, 15 bosh qo‘y, 20 bosh chorva mollari bor. 3 sotix issiqxonada sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. 5 yillik 31,5 mln. so‘m kredit evaziga o‘rnatilgan 3 KVtli quyosh panellari xonadonni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda. Xonadon sohibi ortiqcha elektr energiyasining har kilovatini davlatga ming so‘mdan sotayotganligini ham ma’lum qildi.
Mirishkor tumanida bugungi kunda 20230 ta tomorqa yer egalari tasarrufida 2832 gektar ekin maydonlari bo‘lib, 604 gektariga 2023 yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari bo‘lgan piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, ko‘katlar ekilgan. Biroq tumanda tomorqalarni sug‘orishda sho‘r suvdan foydalaniladi. Bu hosildorlikni kamayib ketishiga sabab bo‘layotir. Mevali daraxtlar ham tez qurib qoladi.
- Tuman yer ostida suv zahiralari bisyor, shuning o‘zi katta baxt, - dedi Aktam Xaitov. – Suvni zamonaviy uskunalar bilan tozalashni yo‘lga qo‘yamiz. Har bir xonadonda ana shunday uskuna o‘rnatilsa, nafaqat aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi, balki tomorqa dehqonchilik qilish imkoniyati yaratiladi. Mevali bog‘lar ham gurkirab yashnaydi. Biz mazkur uskunalar uchun ham jamg‘arma hisobidan kredit ajratamiz. Tomorqadan olingan daromad evaziga kreditni bemalol qoplash mumkin.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari va partiya deputatlari ishtirok etgan tadbirda xonadon sohibi sesarka boqish borasidagi tajribalari bilan ham o‘rtoqlashdi. G’arbiy Afrikada yashaydigan yovvoyi kulrang sesarkadan kelib chiqqan, dastlab Yunoniston va Rimda xonakilashtirilgan xonaki sesarka hozirgi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida boqiladi. U juda harakatchan bo‘lib, uchadi va tez yuguradi. Yiliga 120 ta tuxum qiladi. Asosan go‘sht uchun boqiladi. Bittasidan 2 kilo parhezbop go‘sht olish mumkin. Sesarkalarni vaqti-vaqti bilan o‘tloqqa chiqarib o‘tlatilsa, yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Bu o‘txo‘r parranda ko‘proq dalada yayrab urchish xususiyatiga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Amaliy seminarda tomorqa yerlarida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish, bog‘ va uzumzorlarga ishlov berish, sug‘orish va zararkunandalar hamda kasalliklardan asrash, oziqlantirish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
O'xshash yangiliklar
-
Qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sohalardan biriga aylandi
05.06.2023, 17:29
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
-
Xalq manfaatlari qonunlarda aks etmoqda
22.05.2023, 19:10
-
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda
20.05.2023, 13:12
-
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur ishlab chiqildi
16.05.2023, 17:04
Fikringizni qoldiring