O‘zLiDeP tashabbusi: “Ayollar qanoti” kasanachilikni yanada qo‘llab-quvvatlaydi!

28.02.2023, 12:58

O‘zLiDeP tashabbusi: “Ayollar qanoti” kasanachilikni yanada qo‘llab-quvvatlaydi!

Shu yilning 23 fevralida Prezidentimiz “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarorni imzoladi. Qaror bilan endilikda avvaldan kasanachilar mehnatidan foydalanib kelgan korxonalar ularni yanada ko‘proq jalb qilishdan manfaatdor bo‘lishadi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan haftada Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida tashkil qilinayotgan Kasanachilik markazi bilan ham tanishib, yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.  “O’zi, hunar o‘rganishning eng katta zamini – mahalla. Bu an’anamizdan foydalanib, kasanachilik hamda ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etish zarurki, partiyamiz ko‘p yillardan buyon ayni yo‘nalishda tizimli faoliyat olib boryapti. O‘zLiDeP dasturida bayon qilinganidek: “partiya band bo‘lmagan aholini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb qilish va fuqarolar oilaviy budjetlari daromadlarini oshirishning eng samarali shakllaridan biri sifatida kasanachilik mehnatini yanada rivojlantirishning ulkan salohiyatini ta’kidlaydi”.

Sohaga yanada ko‘proq e’tibor qaratilayotgani esa partiyamizdan bu boradagi ishlarning yangi bosqichga olib chiqishni taqozo qilmoqda.

Bugun O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida davlatimiz rahbarining vohaga tashrifi va unda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, siyosiy kuch oldida turgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu tashabbuslar to‘la qo‘llab-quvvatlanib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan kelib chiqib, O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” quyidagi vazifalarni amalga oshirishga kirishdi:

vazirlik va idoralar bilan birgalikda kasanachilarni jalb qiluvchi korxonalar ro‘yxati tuzilmoqda;

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda kasanachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirilyapti;

korxonalar va ishsiz fuqarolar uchun mehnat yarmarkalari tashkil etiladi;

hududlardagi monomarkazlar bilan birgalikda korxonalar talabidan kelib chiqqan holda ishsiz xotin-qizlar kasbga o‘qitiladi va ishga joylashtiriladi;

respublika miqyosida “Eng ko‘p kasanachilarni ish bilan ta’minlagan korxona” va “Eng samarador kasanachi” tanlovlari o‘tkaziladi va g‘oliblar O‘zLiDeP  tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi;

deputatlar, partiya faollari, mutaxassislar yordamida har bir hududda qanday turdagi kasanachilikni yo‘lga qo‘yishning maqsadga muvofiqligi hamda aholining ko‘nikma, malakasi aniqlanadi, yangi korxonalar qurish to‘g‘risidagi takliflar investorlarga yetkaziladi;

ishsiz hamda qo‘shimcha daromad olish istagidagi xotin-qizlar mehnatga keng band qilinadi.

O‘zLiDeP Ayollar qanoti

 

  • Ko'rildi
    482
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+