Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

01.03.2023, 10:52

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

Davlatimiz rahbari 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi tasdiqlandi. Jumladan, mamlakatimizning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 2023 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatiladi.

Yana bir muhim masalalardan biri suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard metr kub suv iqtisod qilinishini hamda 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltirilishi ta’minlanadi.

Uy-joy ipotekasi rivojlantiriladi, xususan 32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratiladi.

Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirishga mablag‘lar sezilarli darajada ko‘paytirilgan, xususan 2023 yilda davlat budjetidan 8 trln so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Dasturda qonunchilikni takomillashtirish, inson qadri uchun islohotlarni,  iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy masalalar, yoshlar, ayollar va boshqa toifalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab muhim tadbirlar nazarda tutilgan.

Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarga Davlat dasturining bajarilishini tumanlar, shaharlar va mahallalarga borib o‘rganish, mas’ul davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish vazifasi belgilab berildi. Bu borada partiyamiz fraksiyasi a’zolari va joylardagi deputatlik korpusi vakillari ham o‘z faolligini oshiradi.

O’zLiDeP inson qadri uchun islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” dasturini amalga oshirishda Xukumat idoralari bilan faol hamkorlik qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    687
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+