Ruh berdi, qanot berdi bu tashrif

02.03.2023, 15:41

Ruh berdi, qanot berdi bu tashrif

Prezidentimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohadagi 6 ta yangi korxona o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Endilikda Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasida minglab yigit-qizlarning bandligi ta’minlanadi.

E’tirof etmoq joizki, so‘nggi besh yilda viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun 10 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Tadbirkorlar soni 2,5 baravar ortib, qo‘shimcha 325 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Vohamizda sanoati rivojlanmagan 8 ta tuman bor edi. Mahalliy ishlab chiqarish rivojlantirilgani bois mazkur tumanlarning viloyatdagi ulushi 36 foizga yetkazildi. Yangi-yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu yil ham viloyatimizga 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Ishlab chiqarishni rivojlantirish – yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish demakdir. Ularning beto‘xtov va samarali ishlashi uchun elektr energiyasi talab etiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish uchun viloyatda energiya ta’minotini yaxshilash nihoyatda zarur. Elektr energiyasini tabiiy gaz yoqib ishlab chiqarayotganimizni hisobga olsak, undan tejamkorlik bilan foydalanishni davr taqozo etayotir. Davlatimiz rahbari quyosh va shamol energiyasidan samarali foydalanish borasida bir qator amaliy takliflarni o‘rtaga tashladi. O’z uyida quyosh batareyasi o‘rnatgan fuqaro xonadonini elektr bilan ta’minlabgina qolmay, ortiqchasini davlatga sotish orqali daromad topishi mumkin. Shamol qurilmalarini vohamizning tog‘ etaklari yoki elektr energiya simlari yetib bormaydigan cho‘l hududlarida o‘rnatish elektroenergiyadan foydalanishning iktisodiy samaradorligini oshirib, ko‘pgina ishlab chiqarish sohalari, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirishda juda qo‘l kelishini aytib o‘tdi.

Prezidentimiz mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali aholi bandligi va farovonligini oshirish uchun qancha mablag‘ zarur bo‘lsa, shuncha mablag‘ yo‘naltirilishini ta’kidladi. Tuman, shaharlardagi sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyiha amalga oshirilib, 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish borasida mutasaddilarga ko‘rsatma berildi. Joylardagi “o‘sish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yangi ish o‘rinlari yaratishga yaqindan yordam beradi.

Partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar uchun shart-sharoit yaratish, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, islohotlarni jadallashtirishga ko‘maklashish dasturiy maqsadlarimizning bosh g‘oyasini tashkil etadi. Ushbu tashrifdan ruhlangan deputatlarimiz va faollarimiz viloyatda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash borasida partiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytiradi.

Shuhrat ASLANOV,

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    181
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+