O’zbekistonda eksport hajmi 30 milliard dollarga yetkaziladi

03.03.2023, 11:18

O’zbekistonda eksport hajmi 30 milliard dollarga yetkaziladi

Bugun yurtimizda odamlarning hayot darajasini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatidagi muhim yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Kuni kecha Prezident tomonidan imzolangan "Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonning negizida ham ayni ushbu ezgu maqsad yotibdi. 

Farovon hayotni ta’minlovchi omillardan biri bu mamlakatning eksport salohiyatini oshirishdir. Davlat dasturida bu yo‘nalishda ishga tushiriladigan loyihalar evaziga 2026 yilda O’zbekistonning eksport hajmi 30 milliard AQSh dollari miqdoriga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, buning uchun nimalar qilinadi?

Eng avval, eksport korxonalarni ham moliyaviy, ham huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali 2023 yildagi eksport hajmi 23 millard AQSh dollari miqdoridan oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 350 dan ortiq korxonalarga Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan qulay shartlarda mablag‘lar ajratiladi. 580 dan ortiq korxonaning transport xarajatlari, 260 ta tadbirkorlik sub’ektining esa xalqaro tan olingan sertifikat va standartlarni joriy etish xarajatlari qoplab beriladi. Albatta, bu korxona uchun katta yordam bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalishda tayyor va yarim tayyor mahsulotlarning ulushi ko‘paytiriladi. Shuningdek, xizmatlar eksporti hajmi ham 4,6 milliard dollarga yetkaziladi.

Albatta, jarayonda yangi xorij bozorlariga kirib borish uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. Xususan, “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorij bozorlarida shou-rumlar o‘tkazilishi bu yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ayniqsa, quyosh tafti ostida yetishtirilayotgan shirindan-shakar meva-sabzavot kabi mahsulotlarimiz uchun yaxshigina reklama vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Negaki, jahon bozoridagi rastalarga chiqish uchun mahsulotni chiroyli usulda taklif qilish ham muhim sanaladi.

Davlat dasturida shu kabi ko‘plab loyihalar amalga oshirilishi, eksportchi korxonalarning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi orqali ko‘zlangan natijaga erishish mumkin. Bu nafaqat bizning dunyo bozorlarini zabt etishimizga, balki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga ham zamin yaratadi.

Alisher Ro‘ziyev,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati

Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    89
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+