Davlat dasturida 11 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan
03.03.2023, 15:49

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezidentimiz Farmoni qashqadaryolik deputatlar, partiya faollari ham chuqur o‘qib – o‘rgangan holda unda ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor vazifalarni aholi va partiya elektorati o‘rtasida targ‘ib qilishni boshlab yuborishdi.
Investitsiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi – drayveri hisoblanadi. Uni jalb etish zamonaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etilishiga, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari ochilishiga keng yo‘l ochadi. Davlat dasturida joriy yilning o‘zida 11 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Birgina o‘tgan yili Qashqadaryoga 764 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilib, to‘rt yuz mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Viloyat iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlariga jalb etilayotgan investitsiya mablag‘lari vohamizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirish, barqaror iqtisodiy o‘sishiga erishish, aholi daromadlarining oshishi, turmush sharoitining yaxshilanishida dolzarb ahamiyat kasb etayotir. O’tgan yili Misr, Ispaniya, Tailand mamlakatlariga to‘qimachilik mahsulotlari, sanoat, meva sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Yangi mahsulot sifatida televizor va brokolli karam xorijlik xaridorlarga taqdim etildi.
Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida bandlik masalasi bugunning eng dolzarb vazifasi, odamlarning o‘z hayotida mamnun holda umrguzaronlik qilishga, ish bilan ta’minlanib, el-yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan baxtli insonlarga aylantirish har bir rahbarning, deputatning vazifasi ekanligini alohida qayd etdilar. 2023 yilda viloyatga 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash borasida vazifalar belgilab berildi. Bolgariya, Portugaliya, Chexiya va Makedoniya mamlakatlari bozoriga yangidan sement, mebel mahsulotlari chiqarish ko‘zda tutilmoqda. 18 ta to‘qimachilik klasteri tomonidan xorij mamlakatlariga 373 mln. AQSh dollari miqdoridagi matodan bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilinadi. Prezidentimiz mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar faol bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladilar.
Partiyamizning deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida viloyatimizda xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilish monitoringi, yaratiladigan yangi ish o‘rinlari yuzasidan mutasaddilar eshituvlarini tashkil etish borasida tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Muxtasar qilib aytganda, Farmonda ko‘rsatib o‘tilgan dasturiy vazifalar mamlakatimiz iqtisodini barqaror o‘sishi, aholining hayot darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartish borasidagi islohotlarimizni yanada jadallashtirish barobarida Yangi O’zbekistonimizni barpo etishda iqtisodiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Arziqul SHEROV,
O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisining
birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari.
O'xshash yangiliklar
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
-
Har qaysi insonning qalbida bir quyosh bor, faqat unga nur sochish imkonini berish kerak
02.06.2023, 16:57
Fikringizni qoldiring