Yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratuvchi tashabbuslar

03.03.2023, 18:29

Yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratuvchi tashabbuslar

Jahondagi eng yirik tuzilmalardan biri – Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo 120 ta davlat harbiy-siyosiy bloklar va tashkilotlarda ishtirok etmaslikni o‘z  tashqi siyosatlarining asosi deb e’lon qilgan.  Shu haftada Boku shahrida pandemiyadan keyingi global tiklanish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik sammit bo‘lib o‘tdi. Unda 158 ta mamlakat va xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari ishtirok etdi,  60 ga yaqin mamlakat davlat va hukumat rahbarlari darajasida qatnashdi. E’tiborlisi, Qo‘shilmaslik harakati tarixida  ilk marotaba davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga  rahbarlik qildi.

O’zbekiston puxta o‘ylangan, oqilona tashqi siyosat olib boryapti. Mamlakatimiz butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga erishilishi tarafdori. Respublikamiz jahonda yuzaga kelayotgan barcha nizo va mojarolar  faqat  xalqaro huquq me’yorlari asosida hal qilinishi lozim deb hisoblaydi.

Kun tartibiga muvofiq, Covid-19 koronavirus pandemiyasi oqibatlarini barataraf etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda pandemiyadan keyingi global tiklanish davrida barqaror rivojlanishning boshqa dolzarb muammolari muhokama qilindi. 

Biz Ozarbayjonning Qo‘shilmaslik harakatidagi raisligi  ishtirokchi davlatlarning ushbu mamlakatga bo‘lgan ishonchi hamda uning xalqaro nufuzining  ortib borayotganining yorqin namunasidir, deb hisoblamoqda.  Ozarbayjon o‘z raisligi davrida Harakat kun tartibini koronavirus pandemiyasi (COVID-19) va pandemiyadan keyingi  davr voqeliklariga  tez va samarali muvofiqlashtirgani diqqatga sazovor. Ishonchimiz komilki, bunda Prezident Ilhom Aliyevning tashabbuskorligi va  siyosiy irodasi  muhim rol o‘ynamoqda.

Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialar bilan bog‘liq  tahdidlar va xavflarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilmaganiga e’tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim mavzu –  davom etayotgan va oxiri ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish masalasini ham ko‘tardi. Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarning  ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. Bunday  qiyin vaziyatda aynan rivojlanayotgan mamlakatlar eng katta murakkabliklar va salbiy ta’sirlarga duch kelmoqda. Shu bois  amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish maqsadida Prezidentimiz tomonidan Tashkilot sammitlari arafasida Qo‘shilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazib borish taklif etildi.

Bizningcha, bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, xususan, aqlli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari  tashrif doirasida  Ozarbayjon Prezidenti bilan uchrashdi. Unda mamlakatlar rahbarlari kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilib, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko‘rib chiqdilar. Xususan, o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 50 foizdan  oshdi. Bularning barchasi O’zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini  sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqqan  tizimli va samarali muloqotlar natijasidir.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlaymizki, partiyalararo aloqalar ana shunday hamkorlikning yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u o‘zaro munosabatlarni xalq diplomatiyasiga xos mazmun bilan boyitadi. Bu mexanizm imzolangan hujjatlar to‘plami doirasida davlatlar rahbari ilgari surgan tashabbuslarni amalga tatbiq qilinishi jarayonlari miqyosini kengaytiradi. O’zLiDeP va «Yeni Azerbayjan» partiyalari – o‘z mamlakatlarida yetakchi siyosiy kuchlarning do‘stona aloqalari ushbu davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarining fraksiyalar orqali qonuniy maqomini ta’minlashda ahamiyati kattaligini  alohida qayd etish zarur.  Shuningdek, partiyalar  har ikki mamlakatning muayyan hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mushtarak iqtisodiy va gumanitar  loyihalarni  amalga oshirish jarayonlarini ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    271
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+