Batoshlik kasanachilar o‘z mahsulotlarini Turkiyaga eksport qilishadi

06.03.2023, 11:04

Batoshlik kasanachilar o‘z mahsulotlarini Turkiyaga eksport qilishadi

O`zLiDeP Qarshi tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruhi tomonidan    Yangi  Batosh mahalla fuqaro  yig‘ini hududida faoliyat yuritib kelayotgan “Axmad kids” oilaviy korxonasida “Bugunning tadbirkor ayoli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Partiya deputatlari, yaqin atrofdagi mahallalar xotin-qizlari ishtirok etgan tadbirda oilaviy korxona rahbari Xadicha Pirimova oilaviy korxonasida xotin-qizlarning hunar o‘rganishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bandligi va farovonligini oshirish hamda ishsizlik darajasini kamaytirish, tadbirkorlikka o‘qitish va biznesga jalb qilish borasidagi amaliy ishlar haqida so‘zlab berdi. 

- Men dunyodagi eng baxtli insonlardan biri deb sanayman, - deydi Xadicha Pirimova. – Davlatimiz rahbarining korxonamizga tashrif buyurib, faoliyatimiz bilan tanishib, suhbat qurganliklaridan boshimiz ko‘kka yetdi. Ochig‘i, bunday baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Bizga qanot baxsh etgan uchrashuvdan ruhlanib, faoliyatimizni yanada kengaytirishga ahd qildik. Bu yildan tayyorlagan mahsulotlarimizni Turkiyaga eksport qilish borasida shartnoma imzoladik. Olingan foydani korxonanni kengaytirish, xotin-qizlarga hunar o‘rgatishga sarf etamiz. Oilaviy korxonamizda bugungi kunda 35 nafar xotin-qiz hunar o‘rganib, tikuvchilik, kasanachilik, ko‘rpa qavish, quroqchilik, bisir qadash, sachoq va salfetkalar, kiyim-kechaklar tikish bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Aksariyati hayotda qiynalib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar bo‘lib, 2 oy davomida ham ish o‘rganadi, ham ishlab daromad topadi. Biz maxsus buyurtmalarni bajaramiz, bir qism mahsulotlarimizni esa bozorlar va savdo do‘konlariga chiqaramiz. Bugungi tadbirimizda qatnashgan xotin-qizlarga  oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasanachilikni rivojlantirish, zargarlik va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish borasida master klass o‘tildi. 

Tadbir so‘ngida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish,  oilalar mustahkamlashligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish asnosida turmush farovonligini oshirish borasida “Ayollar qanoti” guruhi oldida turgan vazifalar haqida amaliy takliflar bildirildi. 

  • Ko'rildi
    185
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+