Tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar

06.03.2023, 15:56

Tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar

Prezidentimizning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga oid farmon qabul qilindi.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 7 ta yo‘nalish, 303 ta band va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lib, ushbu maqsadlarga umumiy qiymati 54 trillion so‘m va 15 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.  

Jumladan, farmonda  xalqimizning og‘irini yengil qilish, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida, 2023 yil 1 iyuldan barcha davlat organlari va tashkilotlarida aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlari belgilandi.  

Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda o‘z tizimida masofadan turib, shu jumladan, mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e’lon qilishi alohida belgilab o‘tildi. 

Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma” siga o‘tkazilsin hamda subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali subsidiyalar ajratish to‘g‘risidagi arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyatini yaratish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va boshqa korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga oid aniq manzilli ishlar belgilab berildi.  

Davlat dasturida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 2023 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatilishiga oid ko‘rsatma berildi.  

Jumladan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura hamkorlikda bir oy muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish nazarda tutilgan.  

Davlat dasturida aholini va tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz ravishda tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda muqobil energiya manbalaridan foydalanish tizimini joriy qilish uchun sharoit yaratish maqsadida quvvati 20 kVt va undan past bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanmoqda. Ushbu tartib ishga tushgandan so‘ng qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratiladi.  

Shu bilan bir qatorda, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab yillik hajmi ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilg‘i yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilg‘isiga teng energiya resurslarini sarflaydigan tashkilotlar uchun o‘z energiya iste’molining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga ta’minlash majburiyati yuklatilmoqda. Natijada, 2023–2026 yillar davomida iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilayotgan 25 ta yirik korxona va tashkilotning umumiy iste’mol hajmi 4 milliard kVt.soat tashkil etishi inobatga olingan holda, ushbu tashkilotlar o‘z iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalar hisobidan ta’minlashi orqali kamida 1,2 milliard kVt.soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.  

Bu esa, o‘z-o‘zidan yirik korxonalarning markaziy elektr tarmoqlariga bo‘lgan bosimini kamaytirib, tejab qolingan elektr energiyasini minglab xonadonlarga yetkazib berish yoki aholi farovonligiga xizmat qiladigan yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.  

Umuman olganda Davlat dasturida belgilanayotgan barcha maqsad va chora-tadbirlarning har birini o‘z vaqtida va samarali hayotimizga tadbiq etilishiga barchamiz, shu jumladan O’zLiDeP faol a’zolari, deputatlar va ziyoli qatlam vakillari birdek mas’ulmiz.  

Obidjon Hamidov,  

O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi raisi,  

Buxoro Davlat universiteti rektori,  

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.  

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    180
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+