O’zLiDeP oldidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

07.03.2023, 14:41

O’zLiDeP oldidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda dastlab Prezidentimizning
kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashuvidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, Konstitutsiyamizni takomillashtirish borasida tashabbusni ilgari surgan partiya sifatida O’zLiDeP a’zolari, Qonunchilik palatasidagi, hududiy va tuman kengashlaridagi 2 ming 300dan ziyod partiya deputatlari faol qatnashdilar.

Ayniqsa partiyaning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, klaster va fermerlar loyihaning muhokamasiga befarq bo‘lmadi, ko‘plab takliflar berishdi, bu o‘zgarishlarni  qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan aksariyat takliflar qonun loyihasida aks etdi.

O’zLiDeP yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari belgilanayotganini to‘g‘ri qaror deb hisoblaydi.

Konstitutsiyada barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanayapti.

  Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasini Bosh qomusimizda belgilash - partiya a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘layapti. Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi.

Yana bir muhim masala tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlari Konstitutsiyada belgilanishi ayni muddao bo‘layapti.  Hozirda asosiy qonunimiz bilan bank omonatlari kafolatlangan bo‘lsa, endilikda bank amaliyotlari va hisobvaraqlarning sir tutilishi Konstitutsiyada belgilanishi xalqaro normalarga ham mos keladi.

Yig‘ilishda Konstitutsiya loyihasi xalqimiz ishtirokida har tomonlama muhokama qilinib, birga tayyorlangani, loyihada belgilanayotgan yangi normalar partiya faollari fikrlari bilan hamohang ekanligi aytilib, kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Majlisda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmonidan kelib chiquvchi partiya va fraksiya oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 7 ta yo‘nalish, 303 ta band va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lib, ushbu maqsadlarga umumiy qiymati 54 trillion so‘m va 15 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Davlat dasturida davlat boshqaruvi, sud-huquq, iqtisodiyot, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasida qator ustuvor vazifalar belgilab berilmoqda.

Ushbu belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida partiya faollaridan tarkib topgan Ishchi guruhlar shakllantirildi.

Yig‘ilishda mazkur ishchi guruhlarga faoliyati davomida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni qonun va qonunosti loyihalari, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarga taqdim etib borish vazifalari yuklatildi.

Davlat dasturida belgilangan vazifalarni partiya Deputatlik nazorat-tahlil faoliyatida, mansabdor shaxslarning eshituvlarini tashkil etishda, xalq deputatlari Kengashlari sessiyalari muhokamasiga masalalarni olib chiqishda faol ishtirok etishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari fraksiya a’zolari partiya elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish ishlarida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatish kerakligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda barcha tuman va shaharlarda aholi keng qatlamlari, avvalo elektorat orasida Farmonning mazmun-mohiyatini keng targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan partiyaviy tadbirlar tashkil etish, ularda barcha hududiy partiya tashkilotlari, partiya faollari hamda targ‘ibotchilarining faol ishtirokini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda davlat dasturi ijrosini amalga oshirishga qaratilgan partiyaning chora-tadbirlar rejasi muhokama qilinib, tasdiqlab olindi.

O'zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    176
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+