Ma’rifatli millat ma’rifatli onalar qo‘lida kamolga yetadi

07.03.2023, 17:24

Ma’rifatli millat ma’rifatli onalar qo‘lida kamolga yetadi

Dunyoda buyuk shaxslar, sarkardalar, o‘z zehni va salohiyati bilan insoniyatni hayratga solgan fozilu fuzolalar ko‘p. Ularning tabarruk nomlari elaro mashhur bo‘lishida oq sut berib, voyaga yetkazgan onalarning xizmati beqiyos. Onaning buyuk murabbiyligi shundaki, u hali oqu qorani tanimagan murg‘ak go‘dakni zuvolasi pishik insonga aylanishi uchun bor mehrini, muhabbatini beradi.

Agar Imom al-Buxoriyning onasi  yoshligida uni ilmli qilish uchun tuyaga mindirib, ming azabu uqubatlar bilan Saudiya Arabistoniga olib bormaganida muhaddislar imomi, hadis ilmi olimlarning ustozi imom Buxoriy yetishib chiqmagan bo‘lardi. «Al-Jome’ as-sahih» asari dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘lardi. Albatta, farzandini shunday martabaga ko‘tarish uchun o‘zida kuch, jasorat va matonat topa olgani onani yaratganning buyuk mo‘‘jizasi ekanidan dalolat berib turibdi.

Sohibqiron bobomiz Amir Temur, she’riyat mulki sultoni mir Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur, falakiyot ilmini dunyoga yoygan Mirzo Ulug‘bek, ilm ummonidan dur tergan al-Farg‘oniy, tib ilmi bilimdoni Ibn Sino va boshqa shaxslarni buyuklik sari boshlagan aslida ularning onasidir. Bu dalillar onalar ma’rifatli bo‘lsa millat ma’rifatli bo‘lishini tasdiqlab turibdi. Zotan, ta’limning, tarbiyaning ilk poydevorini onalar qo‘yadilar. Poydevori mustahkam bino esa uzoq yashashi hech kimga sir emas.

Tan olish kerak, bugun mamlakatimizda xotin-qizlarni, bo‘lajak onalarni ma’rifatli qilish yo‘lida ulkan sa’y-harakatlar davom etmoqda. Xotin-qizlarning oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun bir qator imtiyozu yengilliklar joriy etilgan. Eng quvonarlisi, jamiyatda ayollarning o‘z o‘rni va nufuzini egallashi uchun keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Misol uchun  O’zbekiston Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida oliy ta’lim, kollej va texnikumlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim kreditlari berish tartibi joriy etilib, buning uchun davlat budjetidan har yili 1,8  trillion so‘m resurs mablag‘lari ajratish joriy etilgani onalarni ilmli qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasi emasmi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak. Albatta, ayollarimizni shunday zukko, dono va bilimdon bo‘lishi millat ravnaqiga, mamlakat kelajagiga munosaib hissa bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.

Bunga erishishning birdan bir yo‘li xotin-qizlarni o‘qimishli, hunarli, eng muhimi ishli bo‘lishi bilan chambarchas bog‘liq. Bu ulug‘vor vazifani amalga oshirish uchun har bir kishi o‘zida mas’uliyat hissini sezishi lozim. Misol uchun Toshkent shahridagi Yakkasaroy tumanida joylashgan bizning korxonamizda 160 kishi ishlaydi. Har oyda 450-500 ming dollargacha 500 turdagi bolalar tayyor kiyim-kechaklarini xorijga eksport qilyapmiz. Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon, Portugaliya va Polsha kabi davlatlarga mahsulot chiqaryapmiz.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida qo‘shimcha 100 ish o‘rni, Yuqori Chirchiq tumanida ham 100 ishchi o‘rni ochdik. Ayollarni ishga  jalb qilish juda qiyin kechyapti.  Shuning uchun masofaviy ta’lim markazini yo‘lga qo‘ydik. O’zimiz o‘rgatib, o‘zimiz ishga olyapmiz. Onlayn tarzda o‘qishga qiziquvchi xotin-qizlar safi tobora ko‘payib bormoqda.  Hozirgi kunda Toshkent shahridagi  Mashinasozlar mahallasidan 40 nafar ayol o‘qyapti, 20 nafar o‘zimizning ishxonamizdan oliy o‘quv yurtiga kirish uchun xotin-qizlar onlayn tahsil olyapti. Qo‘rg‘ontepa va Do‘stlik mahallasida  uyda o‘tirgan ayollar hunar o‘rganishmoqda.  

Maqsadimiz yurtimizda xotin-qizlarni nafaqat hunarli, ishli qilish balki ularning jamiyatdagi mavqeyini ko‘tarish, ilmli va ma’rifatli farzandlar qilib tarbiyalab, Yangi O’zbekistonda poydevori tashlanayotgan Uchinchi Renessansga munosib hissa qo‘shishiga qaratilgan. Yurtimizda kezib yurgan bahor va unga mushtarak xotin-qizlar bayrami barcha opa-singillarga, muhtaram onaxonlarga muborak bo‘lsin!

Muhlisaxon AKRAMOVA,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi,

Toshkent shahridagi “O`zimizniki” MChJ rahbari.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    172
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+