Xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor yildan yilga kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz

07.03.2023, 17:29

Xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor yildan yilga kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz

Bugun Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining bayram tabrigi e’lon qilindi. Shu jamiyatning bir a’zosi sifatida men ham ushbu tabrikni jon qulog‘im bilan eshitib, quvondim. Unda mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani va buning negizida qilinayotgan amaliy ishlarning natijasi haqida so‘z bordi.

Darhaqiqat, shunday. Biz ayollari e’zoz topadigan aziz yurtda yashayapmiz. Chunki, xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor yildan yilga kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Misollarga keladigan bo‘lsak, o‘tgan yili 872 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 233 mingdan ko‘proq ayollarga 4 trillion 700 milliard so‘m kredit ajratildi. 252 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

Ayniqsa, ko‘pdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlar amalga oshirilayotir. Agar 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 8 ming kvartirali 191 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilgan bo‘lsa, o‘tgan yili – 56 ming kvartirali 1433 ta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda esa yana 90 ming xonadon uchun turar-joylar quriladi. Qolaversa, o‘tgan yili 14 mingga yaqin opa-singillarimizning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 7 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari qoplab berildi.

Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 5 barobar  ko‘payib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu borada qizlarimizning ulushi 50 foizga yetgani tariximizda misli ko‘rilmagan natijadir.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 milliard so‘mdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi. 65 mingdan ko‘proq talaba xotin-qizlarga 727 milliard so‘mga yaqin foizsiz ta’lim krediti ajratildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz oliygohlarga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bu o‘zgarishlarning bari xotin-qizlarimizning tinch va baxtli yashashi uchun qilinayotgani kundek ravshan. Negaki, ayol ilmli bo‘lsa, millat ham ilmli bo‘lishini hayotiy tajribalar o‘zi tasdiqlab turibdi.

Vaholanki, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo, bir narsa aniqki, biz ayollar ham shunga yarasha o‘z mehnatimiz bilan munosib javob qaytarmog‘imiz, yaxshi ona bo‘lib farzandlarimizni yurt koriga yaraydigan qilib tarbiyalashimiz, yaxshi rafiqa bo‘lib oilada sog‘lom muhitni yaratmog‘imiz, kerak bo‘lsa, tanlagan kasbimiz orqali sohalar rivojiga hissa qo‘shmog‘imiz lozim, deb hisoblayman. Va buni yurtimizdagi barcha ayollarimiz uddalashiga ishonaman.

Feruza Rahmonqulova,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi faoli

  • Ko'rildi
    641
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+